Belarusda Spotify musiqa striming xizmatiga kirish 2026 yil 1 dekabrdan boshlab cheklanadi. Bunga kompaniyaning to‘lanmagan qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha qarzi sabab bo‘lgan. Bu haqda Belarus Soliqlar va yig‘imlar vazirligi ma’lum qildi.
Vazirlik bayonotiga ko‘ra, soliq idoralari kompaniya bilan qarzni undirish bo‘yicha ish olib borgan, biroq Spotify byudjet oldidagi majburiyatlarini bajarmagan. Shu sababli elektron xizmatlar ko‘rsatishda foydalaniladigan internet-resursga kirishni cheklash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Blokirovka natijasida Belarus hududida Spotify kontenti tarqatilishi to‘xtaydi va kompaniya mahalliy foydalanuvchilardan daromad olish imkoniyatidan mahrum bo‘ladi.
Obunani oldindan to‘lagan, ammo xizmatdan foydalana olmagani uchun pulni qaytarib olmoqchi bo‘lgan foydalanuvchilarga Spotify bilan bevosita bog‘lanish tavsiya etilgan.
Shuningdek, Spotify avvalroq oilaviy obunalardan foydalanish qoidalarini kuchaytirgan edi. Yangi talablarga ko‘ra, obuna ishtirokchilari tarif ma’muri bilan bir manzilda yashashini tasdiqlashi kerak. Aks holda, ular reklama bilan qo‘llab-quvvatlanadigan bepul tarifga o‘tkazilishi va boshqa oilaviy obunaga qo‘shilish imkoniyati cheklanishi mumkin.