Bugun 30 avgust, 2026 yil, yakshanba

КИР

Behruz Karimov nega “Lugano”ni tanlaganini aytdi

Behruz Karimov nega “Lugano”ni tanlaganini aytdi

O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Behruz Karimov “Lugano” tarkibiga qo‘shilganidan keyin qisqa fursat ichida shveysariyaliklar tarkibida debyutini nishonladi.

Iqtidorli himoyachi UYEFA Konferensiyalar ligasida “Makkabi Tel-Aviv” jamoasiga qarshi zaxiradan maydonga tushib, jamoasining keyingi bosqichga o‘tishiga hissa qo‘shdi.

Behruz Karimov “Lugano” klubi matbuot xizmatiga bergan intervyusida yangi jamoaga moslashuv jarayoni, jahon chempionatidagi tajribasi hamda kelgusi maqsadlari haqida to‘xtalib o‘tdi.

- “Lugano” men uchun tramplin vazifasini o‘tab beradi. Jamoada meni juda iliq kutib olishdi. Bu klub safiga qo‘shilganimdan baxtiyorman va ushbu sarguzasht faoliyatimda muhim rol o‘ynashiga ishonaman. Yevropa jamoalarida to‘p surishni yoshligimdan orzu qilardim, shu bois hozir motivasiyam juda yuqori.

Jahon chempionatidan keyin bizga ko‘plab jamoalardan takliflar tushdi. Ularning barchasini kuzatib, o‘rganib chiqdik va yakunda aynan “Lugano” varianti ko‘proq ma’qul keldi. Shu sababli ushbu jamoani tanladim”, - deydi Behruz Karimov.

Yosh himoyachi O‘zbekiston milliy terma jamoasi safidagi Jahon chempionati bahslari uning futbolchi sifatida o‘sishiga qanday ta’sir qilgani haqida ham gapirib o‘tdi.

- “Mundialdagi ishtirok men uchun ulkan tajriba maktabi bo‘ldi. O‘yin vaqtida iloji boricha darvoza sari zarba berishga, hech narsadan qo‘rqmaslikka harakat qilaman. Agar hayajonni yengib, qo‘rquvsiz o‘ynasam, barcha imkoniyatlarimni ishga sola olaman.

Asosiy maqsadim – o‘zimiz ishtirok etadigan barcha musobaqalarda yuqori natijalarni qo‘lga kiritish. Maydon tashqarisida esa xotirjamlikni xush ko‘raman. Hozirgi kunda ingliz va italyan tillarini o‘rganish bilan bandman.

“Lugano” muxlislaridan jamoamizni doim qo‘llab-quvvatlashlarini so‘rab qolaman. Biz esa chiroyli o‘yinlarimiz bilan ularni xursand qilishga harakat qilamiz. Olg‘a, “Lugano”!, - dedi o‘zbekistonlik futbolchi.

2027 yilda tug‘ilgan Behruz Karimov Termizning “Surxon” klubidan transfer qilindi. Shveysariya jamoasi o‘zbek futbolchisi bilan 2031 yilning 30 iyuniga qadar davom etadigan shartnoma imzoladi.

Kiritildi: 23:48 28.08.2026. O'qildi: 838 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!