Bugun 29 noyabr, 2026 yil, yakshanba

КИР

Bayramdan ham savob olamiz (yoki) Bayram sovg‘alari

A A A
Bayramdan ham savob olamiz (yoki) Bayram sovg‘alari

Qurbon hayiti yer yuzidagi barcha mumin–musulmonlarning ikki bayramidan biri bo‘lib, bu kunlarda xursandchilik qilish bilan bir qatorda ko‘plab savoblarga ham erishiladi. Shunga ko‘ra bayram kunlarida qilinadigan ishlarni eslab o‘tishimiz foydadan xoli bo‘lmaydi:

Takbiru tashriq. Takbiru tashriqni aytish Ibrohim alayhis salomning sunnatlaridir. Uni arafa kuni bomdod namozidan boshlab, qurbonlik kunining uchinchi kuni asr namozigacha farz namozlaridan keyin aytiladi. Jami 23 ta namozda mukammal bo‘ladi. Shuningdek, hayit kuni birov bilan uchrashganda, biror joyga borganda, hayit namoziga ketayotganda takbir aytib yuriladi. Takbir quyidagicha:

«اللهُ أَكْبَرُ اللهُ أَكْبَرُ، لاَ إلهَ إِلاَّ اللهُ، واللهُ أَكْبَرُ اللهُ أَكْبَرُ، وَلِلَّهِ الحَمْدُ»

«Allohu akbar, Allohu akbar, laa ilaha illallohu vallohu akbar, Allohu akbar, valillahil hamd»

Musulmon kishi bu takbirlarni aytish bilan ulug‘ bayramni ich-ichidan his qiladi va hisobsiz savoblarga ega bo‘ladi.

Qurbon hayiti uchun g‘usl qilish. Hayitga g‘usl qilish (yuvinish, poklanish) sunnati muakkada, ya’ni ta’kidlangan sunnat hisoblanadi. Erkagu-ayol, katayu-kichik tozalanib, eng yangi kiyimlarni kiyib bayramni qarshi olish dinimiz shioridir. Shuningdek, hovli-joylarni tozalash, muhtojlar holidan xabar olish va yaqinlarni ziyorat qilish ham muminlik vazifasidir.

Qurbonlik qilish. Qurbonlik qilinadigan hayvonlar haqida Alloh taolo oyatda “bahimatil an’om” degan. Bunga to‘rt xil hayvon kiradi: qo‘y, echki, qoramol va tuya. Qolgan go‘shti halol qilingan hayvonlar garchi gavdasi qanchalik katta bo‘lsa ham qurbonlikka so‘yilmaydi.

Qoramol 2 yashar, tuya 5 yashar, echki va qo‘ylar bir yashar bo‘lishi kerak. Olti oylikdan o‘tgan qo‘chqor gavdasi bir yashar qo‘chqordek bo‘lsa, qurbonlik qilsa bo‘laveradi deyilgan fatvo kitoblarida. Qurbonlik qilayotgan kishi o‘zi so‘ymaydigan bo‘lsa, qurbonlik paytida guvoh bo‘lib turish fazilatli amallardandir.

Imron ibn Husayn roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ey Fotima, tur qurbonliginga guvoh bo‘l. Birinchi to‘kilgan qon bilan sening qilgan gunohlaring kechiriladi” deb marhamat qilganlan.

Qurbonlikka iloji boricha hayvonni ko‘rkamrog‘ini, ko‘zga yoqadiganrog‘ini tanlash kerak.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qurbonliklaringizni kattaroq qilinglar, chunki ular Sirot ko‘prigida sizlarga ulov bo‘ladi!” – dedilar.

Ramazon hayitida og‘izni ochib ya’ni biror narsa tanovul qilib, qurbon hayitida biror narsa tanovul qilmay hayit namoziga borish sunnatdir.

Abdulloh ibn Burayda otasidan rivoyat qiladi “Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam taomlanmaguncha Ramazon hayitiga chiqmas edilar va toinki qurbonlik jonivori so‘yilmaguncha Qurbon hayitida biror narsa yemas edilar”.

Hayit kunlari yeb-ichiladigan va xursandchilik qilinadigan kunlardir. Nubayshatal Huzaliydan rivoyat qilinadi. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: “Tashriq kunlari (Takbir aytiladigan kunlar) yeb-ichiladigan va Allohni zikr qilinadigan kunlardir”.

Shunga muvofiq hayit kunlarini xursandchilik va xushkayfiyatda o‘tkazmoqlik dinimiz ko‘rsatmasidir.

Alloh taolo barchalarimizga muborak kunlarni tarovatini nasib etsin!

Manba: muslim.uz

Kiritildi: 06:31 22.08.2018. O'qildi: 1848 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik