Milanning «Inter» klubi hujumchisi Lautaro Martines ushbu yozda jamoasini tark etmaydi.
Yaqinda «Barselona»ning «neradzurri» sardorini o‘z safiga qo‘shib olmoqchi ekani, hatto argentinalik futbolchi bilan og‘zaki kelishuvga erishilgani haqida mish-mishlar tarqalgan edi. Biroq taniqli jurnalist Gaston Edul bergan ma’lumotlarga ko‘ra, forvardning Kataloniyaga ko‘chib o‘tishi kutilmayapti. Kataloniyaliklar rostdan ham Lautaroga qiziqish bildirishmoqda, ammo klub tomonidan hech qanday rasmiy taklif yuborilmagan.
Martinesning «Inter» bilan shartnomasi 2029 yilning o‘rtalarigacha amal qiladi, uning Transfermarkt portalidagi narxi esa 85 million yevroga baholanmoqda. Bugun futbolchi o‘zining 29 yoshini nishonlamoqda.
Uzoq vaqt davomida «Barselona»ning asosiy nishoni Xulian Alvares bo‘lib kelayotgan edi, biroq «Atletiko» o‘z yulduzini prinsipial raqibiga sotmoqchi emas.