Evropa Ukrainadagi mojaroni hech qanday manfaat olmasdan cheksiz moliyalashtira olmaydi. Bu haqda Fransiyaning "Milliy birlashuv" partiyasi rahbari Jordan Bardella ma’lum qildi.
Siyosatchi bu fikrni La Repubblica nashriga bergan intervyusida bildirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Fransiya mojaroni diplomatik yo‘l bilan hal etish jarayonida muhim rol o‘ynashi kerak.
"Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni yana bir bor tasdiqlash va unga muzokaralar stoliga imkon qadar qulay shartlarda kelish imkonini berish juda muhim. Biroq biz hech qanday manfaat olmasdan urushni cheksiz moliyalashtira olmaymiz", — dedi Bardella.
U, shuningdek, milliy suverenitet tarafdori bo‘lgan hukumatlar faoliyat yuritadigan Yevropa samaraliroq ishlashi mumkinligini aytdi.
"Aksincha, Yevropa yaxshiroq ishlashi mumkin. Buning uchun Bryussel o‘zini Qo‘shma Shtatlar deb hisoblashni to‘xtatishi va faoliyat xarajatlarini qisqartirishi kerak", — dedi siyosatchi.