Bugun 28 noyabr, 2026 yil, shanba

КИР

Banda Allohning ne’matiga qanday qarashi lozim?

A A A
Banda Allohning ne’matiga qanday qarashi lozim?

 عن أبي هريرة رضي الله عنه قال: قال رسول الله -صلّى الله عليه وسلم- : «انظروا إلى من هو أسفل منكم. ولا تنظروا إلى من هو فوقكم؛ فهو أجدر أن لا تَزْدروا نعمة الله عليكم» متفق عليه

 “Dunyoviy ne’matlar borasida o‘zingizdan quyiroq darajadagi kishilarga qarangiz, o‘zingizdan ustunroq kimsalarga boqmangiz, zero bu Allohning sizga bergan ne’matlariga bepisand bo‘lmasligingizga (shukr qilishingizga) sabab bo‘ladi” (Muttafaqun alayh).

Islom ta’limotlari bandalarni qanoatli bo‘lishga targ‘ib qiladi. Chunki qanoat shunday fazilatki, u bitmas tugunmas hazina, tamom bo‘lmaydigan zahira, u mol-dunyosiz boylik, qo‘shin va lashkarlarsiz qudratdir.

Qanoat – Alloh taqdir qilgan qismatga insonning rozi bo‘lishi,  mol-dunyo, bola-chaqa va sihat-salomatlikda o‘zidan kuyiroqdagi insonlarga qarashidir.

Bu Allohning ne’matlarini tanish va uning shukrini ado etishga olib boruvchi eng yaqin yo‘ldir.

Banda bu narsalarda o‘zidan yuqoridagilarga nazar solmasligi lozim. Zero, bu uning g‘am-qayg‘usini ziyoda qiladi. Taraddudga tushadi. Oxir-oqibat, Parvardigorining ne’matlariga noshukurlik qilishiga sabab bo‘ladi.

Sog‘lom kishi, to‘shakka mixlanib shiftga termulib yotgan xastaga boqsin…

Alloh rizqini keng qilgan badavlat kishi faqirlikdan aziyat chekayotgan, nochorlikdan nima qilarini bilolmay boshi qotgan yo‘qsilga bir nazar solsin…

O‘z yurtida tinch-omonlikda yashayotgan kishi, tinchlikni qo‘ldan boy berib, bir kun tinch yashash uchun borini berishga tayyor bo‘lgan, boshiga falokatlar seldek yog‘ilib turgan qavmga qarasin!  Shunda u o‘zining naqadar bebaho ne’matlar ichida yashayotganini mulohaza qiladi.

Toshkent tumani “Xolmuhammad ota” jome masjidi
imom-xatibi Avazxo‘ja Baxromov manbalar asosida tayyorladi.

Manba: azon.uz

Kiritildi: 18:23 24.08.2018. O'qildi: 1953 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik