BAA Tashqi ishlar vazirligi Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu mamlakatga yashirincha tashrif buyurgani haqidagi ma’lumotni rad etdi. Bu haqda vazirlik X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.
Abu-Dabi Isroil bilan munosabatlar Ibrohim bitimlari doirasida rivojlanayotganini va "e’lon qilinmagan tashriflar yoki kelishuvlar haqidagi har qanday da’volar mutlaqo asossiz" ekanini ta’kidladi.
Avvalroq Isroil bosh vaziri idorasi X ijtimoiy tarmog‘ida Netanyaxu yashirincha BAAga tashrif buyurgani va mamlakat prezidenti Muhammad bin Zoid Ol Nahayon bilan uchrashgani haqida xabar bergan edi.
Xabarda ta’kidlanishicha, tashrif "Bo‘rillagan sher" operasiyasi qizg‘in pallada" bo‘lib o‘tgan. Netanyaxuning idorasi safar Isroil va BAA o‘rtasidagi munosabatlarda "tarixiy burilish"ga olib kelganini aytdi.