Ayollar tabiatan nozik, latofatli, husnu jamolli va muloyim qilib yaratilgan. Shuningdek, ular zaif xilqatdir. Shuning uchun ham Alloh taolo ularning nafaqasini, himoyasini erkaklar zimmasiga yukladi.
Ayollarni hurmat qilaylik! Ular bilan ahil, tinch-totuv hayot kechiraylik.
To‘g‘ri, ularning orasida ayrim makkoralari, eri bilan urushib qolganda uni juda qiyin va noqulay holatlarga solib qo‘yadiganlari bor. Ammo foiz hisobida olib qarasak, undaylari ozchilikni tashkil etadi.
Ular doim erkakning himoyasiga, e’tiboriga muhtoj bo‘lishadi. “O‘zim eplayman, tadbirkorman, mashinam, pulim, uyim bor. Erkakning yordami ham, himoyasi ham kerakmas” deydigan ayolning qalbiga quloq tutsangiz, u ham ojizaligini e’tirof etishini, yaxshi, solih erkakning juftu haloli bo‘lib, uning yelkasiga bosh qo‘yishni istashini sezasiz.
Shuning uchun dinimiz ko‘rsatganidek, ular bilan yaxshi hayot kechiraylik. Alloh taolo Qur’oni Karimda Niso surasining 19-oyatida: “Va ular ila yaxshilikda yashang” degan.
Ayolingizning ba’zi qiliqlari yoqmayaptimi? G‘ashingizga tegyaptimi? Bundan bezovta bo‘lmang. Bitta ishi yoqimsiz bo‘lsa, yoqadigan 99 ta ishi bor-ku! Nega endi ularga munosabatimiz ko‘plab yoqimli ishlaridan kelib chiqib emas, bir dona yoqimsiz ishidan kelib chiqib bo‘lishi kerak?!
Alloh taolo yuqoridagi oyatning davomida: “Agar ularni yoqtirmasangiz, shoyadki, Alloh siz yoqtirmagan narsada ko‘pgina yaxshiliklarni qilsa” deb marhamat qilgan.
Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ham eng oxirgi aytgan gaplaridan biri “Ayollarga yaxshi munosabatda bo‘linglar!” degan ma’noda edi.
Biz mo‘min-musulmonlar Robbimizning oyatiga va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ko‘rsatmalariga amal qilsak, dunyoda ham, oxiratda ham baxt-saodatga erishamiz.
Alloh taolo oila qurganlarga totuvlik, qurmaganlarga yoki ajrashganlarga solih-soliha juftlarni nasib etsin!
Nozimjon Iminjonov
Manba: muslim.uz