Avstriya hukumati 4 may kuni rossiyalik uch nafar diplomatni persona non grata (istalmagan shaxs) deb e’lon qildi va haydab yubordi. Bunga diplomatik binolar tomlariga o‘rnatilgan va josuslik uchun ishlatilganlikda gumonlangan antennalar sabab bo‘ldi.
Bu haqda Reuters xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, Venadagi Rossiya davlatiga tegishli binolarga, ayniqsa, diplomatik xodimlar yashaydigan turar-joy majmualariga o‘rnatilgan ko‘plab sun’iy yo‘ldosh antennalari uzoq vaqtdan beri Avstriyaning asosiy ichki razvedka xizmati e’tiborini tortmoqda. Mas’ullar ushbu uskunalar boshqa mamlakatlarning sun’iy yo‘ldosh aloqalarini kuzatish va tinglash uchun ishlatilishi mumkinligini istisno qilmagan.
"Diplomatik immunitetdan josuslik maqsadida foydalanish mutlaqo qabul qilinishi mumkin emas," — dedi tashqi ishlar vaziri Bit Maynl-Rayzinger o‘z bayonotida
2020 yildan beri mamlakatdan haydalgan rossiyalik diplomatlar soni 14 nafarga yetdi.
Uning ta’kidlashicha, bu uch diplomat allaqachon mamlakatni tark etgan.
Avstriya davlat teleradiokompaniyasi bu uch kishini elchixona xodimlari deb ta’rifladi. Tashqi ishlar vazirligi bu ma’lumotni tasdiqladi, biroq tafsilotlar keltirmadi.
Rossiyaning Venadagi elchixonasi bu boradagi so‘rovga darhol javob bermadi. Biroq Rossiyaning RIA Novosti axborot agentligi elchixonaga tayanib, Moskva bu qarorga qat’iy javob berishini ma’lum qildi.