Ayni kunlarda Ashxobod shahri katta kurash bayrami bilan nafas olmoqda. Olimpiya shaharchasi dunyoning barcha qit’asidan tashrif buyurgan 500 dan oshiq ishtirokchilar bilan gavjum.
Bugun "Bosha-bosh" sport majmuasi majlislar zalida kurash hakamlari va murabbiylari uchun seminarning rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ochilish marosimida Xalqaro Kurash assosiasiyasi Prezidenti Haydar Farmon, IKA Bosh kotibi Muhammad Reza Nassiriy va Xalqaro Kurash instituti rektori Habibulla Tadjiyevlar ishtirok etishdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan IKA Prezidenti barcha ishtirokchilarni katta Kurash bayrami bilan qutladi. An’anaga muvofiq assosiasiyaning barcha musobaqalari dasturiga Kurash murabbiylari va hakamlari uchun seminarlar tashkil etish yo‘lga qo‘yilganini e’tirof etdi.
Shuningdek, bu yerda nafaqat yangi bilim va tajribalar orttirish mumkinligi, balki kurash hamjamiyati yanada kengayishi, yangi do‘stlar ortishi, kurashni o‘rgatish va ommallashtirish bo‘yicha yangi-yangi metodikalar o‘rganish mumkinligi ta’kidlandi.
Shundan so‘ng IKA Bosh kotibi seminar dasturlari va imtihonlarda ishtirok etish tartiblarini batafsil tushuntirdi.
Ma’lumot uchun, Qoidaga muvofiq barcha ishtirokchilar nazariy va amaliy mashg‘ulotlarda ishtirok etishadi. Unda Kurash usullari va qoidalari, texnika va baholash tizimi bo‘yicha yangi o‘zgarishlar IKAning tajribali ekspertlari tomonidan taqdim etiladi.