Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arog‘chi Pokiston Qurolli kuchlari boshlig‘i Osim Munir bilan uchrashuvda Tehronning AQSh va Isroil bilan urushni tugatish bo‘yicha pozisiyasini ma’lum qildi. Uchrashuvda tomonlar sulh masalasi, Eronga qarshi AQSH–Isroil urushi bilan bog‘liq so‘nggi vaziyat va mintaqada tinchlikni mustahkamlash masalalarini muhokama qildi. Osim Munir Pokistonning vositachilik harakatlarini davom ettirishga tayyorligini bildirib, Tehron ishonchi uchun minnatdorlik bildirdi. Ma’lum qilinishicha, Abbos Arog‘chi 24 apreldan buyon rasmiy tashrif bilan Pokistonda bo‘lib, qator yuqori lavozimli shaxslar bilan uchrashmoqda. Avvalroq 28 fevral kuni AQSh va Isroil Eronga qarshi harbiy operasiya boshlagani, bu esa Yaqin Sharqda keskinlikni kuchaytirgani ma’lum qilingan. Shuningdek, aprel oyida Islamobodda Eron va AQSh o‘rtasida muzokaralar o‘tkazilgan, biroq tomonlar yakuniy kelishuvga erisha olmagan.