Argentina hukumati investisiya evaziga fuqarolik berish dasturini ishga tushirishga tayyorlanmoqda. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Iqtisodiyot vaziri Luis Kaputo tashabbusni 2-oktabr kuni Parijda o‘tkazilgan Argentina haftaligi doirasida e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, dastur investisiya muhitini yaxshilash, mamlakat ochiqligini ta’minlash va global integrasiyasini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar majmuasining bir qismidir.
Chet elliklar Argentina fuqaroligini mamlakat xazinasiga $350 ming miqdorida bir martalik badal to‘lash yoki maxsus foizsiz obligasiyalarga $800 ming investisiya kiritish orqali olishi mumkin.
Arizachilarning yaqin qarindoshlari ham qo‘shimcha to‘lov evaziga ular bilan birga Argentina pasportini olishi mumkin. Turmush o‘rtoqlar, shuningdek, turmush qurmagan va farzandlari bo‘lmagan 18−25 yoshdagi farzandlar uchun qo‘shimcha to‘lov $100 mingni tashkil etadi.
18 yoshgacha bo‘lgan farzand uchun to‘lov $25 ming bo‘ladi. Argentina hukumati ma’lumotiga ko‘ra, ikki nafar voyaga yetmagan farzandi bor er-xotin mamlakat fuqaroligini $500 mingga olishi mumkin.
Dastur doirasida jalb qilingan mablag‘lar «Argentina byudjeti va moliyaviy holatini yanada mustahkamlash»ga yo‘naltiriladi. Arizalarni qabul qilish joriy yil oxirigacha boshlanishi kutilmoqda.
Ta’kidlanishicha, har bir ariza huquqni muhofaza qiluvchi organlar, moliyaviy monitoring xizmati va boshqa tashkilotlar tomonidan o‘rganiladi.
Arizachilarning obro‘si va qonunlarga rioya qilishi, shuningdek kiritilayotgan mablag‘larning qonuniy manbadan olingani tekshiriladi.
Reuters nashrining qayd etishicha, Argentina yangi dastur orqali iqtisodiyotga qo‘shimcha mablag‘ jalb qilishni kutmoqda.