Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyoddagi Podshoh Xolid xalqaro aeroporti faoliyati husiylar hujumlari ortidan 17 oktyabrgacha to‘xtatib turiladi. Mamlakat hukumatining aviasiya xavfsizligini ta’minlash choralari doirasida aeroportda tekshiruvlar davom etmoqda.
Saudiya Arabistoni Fuqarolik aviasiyasi bosh boshqarmasi 12 oktyabr kuni aeroport faoliyatini to‘xtatib turish muddati uzaytirilganini ma’lum qildi.
Reuters agentligining xabar berishicha, parvozlar xavfsizligiga oid NOTAM bildirishnomasida aeroportning 17 oktyabr kuni soat 21:00 gacha yopiq qolishi ko‘rsatilgan. Bu Toshkent vaqti bilan 18 oktyabr kuni soat 02:00 ga to‘g‘ri keladi.
Aeroportdagi faoliyat 10 oktyabr kuni sodir bo‘lgan hujumdan keyin to‘xtatilgan. Saudiya rasmiylariga ko‘ra, ushbu hodisada 13 kishi halok bo‘lgan, 300 dan ortiq odam jarohatlangan. 11 oktyabr kuni esa aeroportning 4-terminaliga yana bir noma’lum snaryad tushgan. Bu hodisada bir kishi halok bo‘lgan, 11 kishi jarohatlangan.
Saudiya Arabistoni energetika vaziri shahzoda Abdulaziz bin Salmon mamlakatga qarshi hujumlarga javob ham jiddiy bo‘lishini ta’kidladi.
Aeroport faoliyatining to‘xtatilishi xalqaro aviaqatnovlarga ham ta’sir ko‘rsatdi. Qator aviakompaniyalar Ar-Riyodga va u yerdan amalga oshiriladigan reyslarni bekor qildi.