Tramp shuni tushunishi kerakki, AQShning Eron ichki ishlariga aralashuvi butun mintaqada tartibsizlikka olib keladi, deya fikr bildirdi Eron Milliy xavfsizlik kengashi kotibi Ali Larijoniy
"Isroillik amaldorlar va Trampning pozisiyalari vaziyatning yashirin jihatlarini ochib berdi. Biz norozilik bildirayotgan savdogarlarning fikrlarini vayronkor unsurlardan alohida ko‘rib chiqyapmiz. Tramp shuni anglashi kerakki, Qo‘shma Shtatlarning bu ichki masalaga aralashuvi butun mintaqada tartibsizlikka, shuningdek AQSh manfaatlarining yo‘q qilinishiga teng bo‘ladi. Amerika xalqi aynan Tramp bu xavfli harakatni boshlab berganini bilishi kerak. Ular o‘z askarlarining taqdiriga e’tibor qaratishlari lozim", — dedi Larijoniy.
Avvalroq, Eronda hukumatga qarshi keng ko‘lamli norozilik namoyishlari davom etayotgani haqida xabar bergan edik.
Bir nechta viloyatlardagi namoyishlar zo‘ravon to‘qnashuvlarga aylandi. Norozilik namoyishlari chog‘ida kamida 6 kishi halok bo‘ldi va 17 kishi jarohat oldi.
Esdlatib o‘tamiz, norozilik namoyishlari 28 dekabr kuni Tehronda boshlangandi, savdo sohasi vakillari mamlakatdagi iqtisodiy ahvol yomonlashayotganiga norozilik sifatida do‘konlarini yopgan. Keyinchalik norozilik namoyishlari boshqa yirik shaharlarga ham tarqalgan.