O‘tgan "super seshanba" bo‘lajak saylovlarda Donald Trampning raqibi kim bo‘lishiga oydinlik kiritmadi. Bugungi kunga kelib poyga yetakchisi Jo Baydenga 453 nafar delegat to‘g‘ri kelsa, keyingi o‘rinda borayotgan Berni Sandersda 382 ta ovoz bor. Nomzodlar umumiy 3979 delegatning kamida 1991 nafar ovoziga ega bo‘lishlari lozim. Elizabet Uorren rasman saylov kampaniyasini tugatdi.
Bu yilgi saylovoldi kampaniyaning qiziq tomonlaridan biri - jiddiy kurash olib borayotgan nomzodlarning 70 yoshdan oshganligiga, gerontokratiya (yoshi katta kishilarning hokimiyatga kelishi)ga ko‘plar e’tibor qaratmoqda. "Yoshroq" Bayden 77 yosh bo‘lsa, Sanders 78 yosh, Tramp esa "bor yo‘g‘i" 73 yosh. Tahlilchilar fikriga ko‘ra, nafaqat Demokratik partiya chuqur inqirozni boshdan kechiryapti, balki AQShning siyosiy hayotining qator sohalarida buni sezish mumkin. Hatto Donald Trampning prezident etib saylanishi ham bunga dalildir. Siyosiy istebleshment safidan chiqmagan Trampga o‘z partiyadoshlari ham to‘la ishonch bildirishmaydi.
Bundan tashqari Kongressga saylanadigan senatorlarning ham o‘rtacha yoshi tobora kattalashib ketayotganini e’tirof etmoqdalar. Yoshi ulug‘lashgani sayin insonning ruhiy, jismoniy va fiziologik holatlarining salbiy tarafga qarab o‘zgarishi, inson xotirasining pasayishi, bir vaqtning o‘zida miya ko‘p ma’lumotni qayta ishlay olmasligi kabi bir nechta omillar AQSh siyosatchilarining muhim qarorlar qabul qilishida oqsashi ehtimoli cho‘chitmoqda.
Katta yoshdagilarning yagona yutuq tomoni - bu yillar davomida to‘planadigan mulohazakorlik va tajriba sanaladi. Biroq Brukings instituti o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, AQSh prezidentligi amaliyotida "eng muhim omil" sanaluvchi siyosiy tajriba to‘siq (liability) bo‘lib kelgan. Misol uchun 1960-2012 yillardagi nomzodlarning tajriba darajasini kuzatganda, saylovlarda yutqizgan nomzodlar boy tajribaga ega bo‘lgan va, aksincha, g‘oliblarning siyosiy tajribasi pasayish dinamikasini ko‘rsatgan. Masalan, Jerald Ford Jim Karterga yutqizgan, Jorj Bush tajribasizroq Bill Klintonga yutqizgan, Jon MakKeyn mamlakat siyosatida atigi 4 yillik tajribaga ega Barak Obamaga yutqizgan. D.Tramp esa Oq uyga hech qanday siyosiy tajribasiz kirib kelgan.
Demak bu yil kim prezident bo‘lishidan qat’i nazar 70 yoshdan oshgan nomzod keladi. Trampning raqibi kim bo‘lishi 13-16 iyulda Miluoki shahrida bo‘lib o‘tadigan Demokratik partiya s’ezdida aniq bo‘ladi.
Manba: azon. uz