ClassAction resursining xabar berishicha, Meta kompaniyasi foydalanuvchilarning shaxsiy xabarlarini uchinchi shaxslarga topshirganlikda ayblanmoqda.
Da’vogarlarning ta’kidlashicha, WhatsApp "to‘liq shifrlash" (end-to-end encryption) haqidagi va’dalariga qaramay, xabarlarni tashqi pudratchilarga yuborishi mumkin. Tizim "shikoyat qilish" funksiyasi orqali ishlaydi: foydalanuvchi shikoyat qilganda, oxirgi bir nechta xabarlar va ilova qilingan fayllar shifrdan chiqarilib, moderasiya bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalarga yuboriladi.
Da’vo arizasida Accenture kompaniyasi asosiy pudratchi sifatida tilga olingan, biroq bunday ijrochilar tarmog‘i butun dunyo bo‘ylab yoyilgani aytilmoqda. Foydalanuvchilar bu amaliyot haqida yetarlicha ogohlantirilmagan, bu esa maxfiylik siyosatiga ziddir.
Meta avvalroq xabarlardan faqat xavfsizlik maqsadida va cheklangan hollarda foydalanilishini bildirgan edi. Biroq da’vogarlar bu jarayon ancha jiddiy ekanini aytishmoqda.
"WhatsApp’dagi shifrlash milliardlab foydalanuvchilarni chalg‘ituvchi tarixdagi eng yirik iste’molchilar aldovi bo‘lishi mumkin. Bayonotlarga qaramay, servis xabarlarni o‘qiydi va ularni uchinchi shaxslar bilan bo‘lishadi. Telegram hech qachon bunday qilmagan va qilmaydi ham", — deb Pavel Durov o‘zining X sahifasida ushbu vaziyatga munosabat bildirdi.