AQShning shimoli-sharqiy qismiga yopirilgan kuchli qor bo‘roni tufayli 2 000 dan ortiq aviareys bekor qilindi, kamida 700 ta reys kechiktirildi. Bu haqda FlightAware onlayn xizmati ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, kun davomida AQSh ichida, mamlakatga yoki mamlakatdan amalga oshirilishi rejalashtirilgan 2 026 ta reys bekor qilingan.
AQSh ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noem shimoli-sharqiy shtatlarga navbatdagi tabiiy ofat yaqinlashayotgani haqida ogohlantirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Nyu-Jersiden Janubi-Sharqiy Yangi Angliyagacha bo‘lgan hududlarda qor bo‘ronlari, kuchli qor yog‘ishi va shamol kuzatilishi mumkin. Eng katta zarar sohilbo‘yi hududlariga to‘g‘ri kelishi kutilmoqda.
Avval ham yanvar oyida mamlakatning katta qismi kuchli qor yog‘ishi ta’sirida qolgan edi. Ayniqsa, qish sharoitiga kam moslashgan Tennessi, Missisipi va Luiziana shtatlari jiddiy zarar ko‘rgan.