Yangi so‘rov demokratlar orasida Isroil siyosatiga nisbatan tanqid kuchayganini ko‘rsatdi, respublikachilarning aksariyati esa avvalgi pozisiyasini saqlab qolmoqda.
AP-NORC tomonidan o‘tkazilgan yangi so‘rov AQShda Isroilni qo‘llab-quvvatlash darajasi sezilarli pasayganini ko‘rsatdi. Eng katta o‘zgarish Demokratik partiya tarafdorlari orasida kuzatilgan. Ular orasida Vashington Isroilni haddan tashqari qo‘llab-quvvatlamoqda, deb hisoblovchilar ulushi 2024 yildagi 45 foizdan 58 foizga yetgan.
Tadqiqotga ko‘ra, AQShdagi katta yoshli aholining qariyb uchdan biri Isroil G‘azo sektorida falastinliklarga nisbatan genosid sodir etayotganini hisoblaydi. Demokratlar orasida bunday fikrni so‘ralganlarning taxminan yarmi qo‘llab-quvvatlagan. Respondentlarning qariyb 20 foizi bu fikrga qo‘shilmagan, yana qariyb yarmi esa bu masalaga baho berish uchun yetarli ma’lumotga ega emasligini bildirgan.
So‘rov natijalariga ko‘ra, demokratlarning 62 foizi AQShning falastinliklarni qo‘llab-quvvatlashi yetarli emas, deb hisoblaydi. Bir yil avval bu ko‘rsatkich 49 foizni tashkil etgan. Respublikachilarning 60 foizi esa AQShning Isroilni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hozirgi siyosati to‘g‘ri deb hisoblaydi. Shu bilan birga, partiyaning yosh tarafdorlari orasida Isroil siyosatiga nisbatan tanqid katta avlod vakillariga qaraganda ko‘proq uchraydi.
Tadqiqot, shuningdek, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning AQShdagi ommaboplik darajasi pastligini ham ko‘rsatdi. Amerikaliklarning 20 foizi unga ijobiy munosabatda ekanini bildirgan, 38 foizi salbiy fikr bildirgan, 41 foizi esa baho berishga qiynalgan.
AQShdagi yahudiylar orasida esa taxminan 60 foiz Binyamin Netanyahuga salbiy munosabatda ekani, qariyb uchdan biri esa uni ijobiy baholashi ma’lum bo‘lgan.