Eron Atom energiyasi tashkilotining ma’lum qilishicha, 24 mart, seshanba kuni kechqurun AQSh va Isroil hujumi paytida otilgan snaryad Erondagi “Busher” atom elektr stansiyasi hududiga kelib tushgan. Tashkilot ma’lumotiga ko‘ra, hech kim jabrlanmagan, stansiya ob’ektlariga ham zarar yetmagan.
Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA) rahbari Rafael Grossi X ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilingan bayonotda barcha tomonlarni yadroviy halokatga yo‘l qo‘ymaslik uchun “eng yuqori darajada vazminlik” saqlashga chaqirdi.
Eron janubi-g‘arbidagi shu nomli shahar yaqinida joylashgan “Busher” AES 17 mart oqshomida ham AQSh va Isroil hujumiga uchragan edi. O‘shanda ham stansiya hududiga snaryad tushgan. Biroq bu radiasiya sizib chiqishiga yoki AESga boshqa turdagi shikast yetishiga olib kelmagan edi.