AQSh Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) ma’lum qilishicha, Eron tomonidan Ormuz bo‘g‘ozidagi tijorat kemalariga qarshi qo‘llanishi mumkin bo‘lgan bir nechta dron yo‘q qilingan. Vashington bo‘g‘oz xalqaro kema qatnovi uchun ochiq qolganini ta’kidladi.
Shu bilan bir vaqtda, Eron Isfahondagi yadroviy majmua kirish yo‘llarini minalagani ma’lum bo‘ldi. AQSh razvedkasiga ko‘ra, Tehron yuqori boyitilgan uran zaxiralarini himoya qilish maqsadida yerosti tunnellarining bir qismini ham vayron qilgan.
CNN ma’lumotiga ko‘ra, aynan ushbu uran zaxiralari taqdiri AQSh va Eron o‘rtasidagi muzokaralardagi asosiy masalalardan biri bo‘lib qolmoqda. Tomonlar o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga yaqinlashayotgan bo‘lsa-da, harbiy faollik va o‘zaro ishonchsizlik saqlanib qolmoqda.