Bugun 25 aprel, 2024 yil, payshanba

КИР

AQSh Turkiyani vayron qila oladimi?

AQSh Turkiyani vayron qila oladimi?

Yaqin Sharq xalqaro voqealar kun tartibidan tushmayotgan mintaqa bo‘lib qolmoqda. Suriyadagi kurd otryadlari tufayli ayniqsa AQSH-Turkiya munosabatlari sovuqlashishda davom etmoqda. Bir necha oy oldin Prezident Donald Tramp, agar Anqara Suriyadagi kurd guruhlariga hujum qilgudek bo‘lsa, AQSh «Turkiyani iqtisodiy jihatdan yakson qilib tashlashi»ni ma’lum qildi. Tramp kurd qurolli guruhlari bilan birgalikda Islomiy Davlatga qarshi kurash olib borgan AQSh harbiylarining Suriyadan chiqarilishiga ishora qila turib, ushbu so‘zlarni aytgandi.

Ma’lumki, Turkiya kurd qurolli guruhlarini terroristlar sifatida ko‘radi. Ularni ayirmachilikda va mustaqil Kurdiston davlatini tuzish urinishlarida ayblaydi. Bir vaqtlar ekspertlar dunyodagi yirik siyosiy markazlar Yaqin Sharqda o‘z “qo‘g‘irchoq” davlatiga ega bo‘lish uchun Turkiya, Iroq, Eron va Suriya hududida yashaydigan kurd jamoalaridan foydalanadi va ularni birlashtirgan Kurdiston davlati tuzadi, degan fikrlarni bildirgan edi. Bundan cho‘chigan rasmiy Anqara bir necha o‘n yillardan beri kurdlarga qarshi, hatto Iroq hududida ham jangovor operasiyalar o‘tkazib kelgan. 

Xo‘sh, agar AQSh chindan istasa, Turkiya iqtisodiyotini vayron etib tashlay oladimi? Bu savol haqiqatda ko‘pchilikni qiziqtiradi. 

Vashington va Anqaraning munosabatlari, tarixan, ham siyosiy-iqtisodiy, ham harbiy jihatdan yaqin bo‘lgan. NATO a’zosi bo‘lmish Turkiya AQSh uchun o‘ta muhim ittifoqchi, ammo ularning hamkorligida jiddiy muammolar mavjud. Munosabatlardagi yashirin darzlar o‘tgan yilning avgustida - amerikalik pastor Endryu Brunsonning hibsda tutib turilishi ortidan AQSh Turkiyaga nisbatan sanksiyalar urushi boshlaganda bo‘y ko‘rsatgan edi.

Oqibatda Vashington-Anqara munosabatlari o‘zining navbatdagi eng quyi darajasiga tushib ketdi, shundoq ham mo‘rt bo‘lgan Turkiya iqtisodiyoti esa falajlana boshladi. AQSh Turkiya po‘lati va alyuminiyiga tariflarni ikki barobarga oshirdi. Bu esa turk lirasining 2018 yil boshidan beri o‘tgan vaqt davomida 50 foizga qadrsizlanib ketishiga olib keldi. O‘z navbatida Turkiya ham AQSh mahsulotlariga nisbatan tarif miqdorini ko‘tardi: mashinalarga 120 foiz, spirtli ichimliklarga 140 foiz va tamaki bargiga 60 foiz. Aslida, Turkiya eksportining atigi 5 foizigina AQShga yo‘l oladi va importning bundan biroz ko‘proq miqdori AQSh hisobiga to‘g‘ri keladi, xolos. Tashqi savdoda Xitoy, Rossiya va Germaniya Turkiyaning eng muhim hamkorlaridir.

Biroq AQSh bilan o‘zaro savdo aylanmasi hajmi u qadar katta emasligiga qaramay, u Turkiya uchun hayotiy zaruriyat darajasida bo‘lgan sektorlar bo‘yicha Anqaraning asosiy hamkoridir: havo transporti, temir va po‘lat, mashinasozlik. AQSh o‘tgan yilgi sanksiyalarda aynan mana shu sektorlarni nishonga olgan.

Shuningdek, Turkiya butun tarix davomida xalqaro savdo aylanmasi bo‘yicha kamomadni boshdan kechirib kelgan, ya’ni mamlakat eksportdan ko‘ra ancha ko‘p import qiladi.Ammo savdodagi mazkur jarlik 2018 yilda sezilarli qisqargan. Shu bilan birga yuqori darajadagi tashqi qarzdorlik Turkiya iqtisodiyotidagi jiddiy muammodir.

2019 yil boshidagi rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, uning tashqi qarzi yillik yalpi ichki mahsulot (YAIM)ning 50 foizidan oshib ketgan. Bu hol mamlakatni xalqaro investorlar marhamatiga ko‘z tikib o‘tiradigan holga solib qo‘yadi va valyuta kurslari harakatlanishini xavfli holatga aylantiradi.

Turkiyaning tashqi qarzlari borasida so‘z ketganda, uning ikki xususiyatini anglash muhimdir.

Birinchidan, qarzlarning katta qismi qisqa muddatga olingan, ya’ni mamlakat yaqin kelajak ichida ularni to‘lashi lozim. Bu hol Turkiyaning tashqi moliyaviy manbalarga qaramligini jiddiy ravishda orttiradi. Ikkinchidan, qarzlarning asosiy qismi AQSh dollari va yevro kabi xorijiy valyutalarda olingan.

Demak, turk lirasi xorijiy valyutalarga, masalan AQSh dollariga, nisbatan o‘z qadrini yo‘qotgan sari qarzlar qiymati yanada oshib boraveradi. Liraning qadri o‘tgan yili 2001 yildan buyon birinchi marta keskin tushib ketdi va bu hol ancha vaqt davom etdi. Liraning qadrsizlanishi tashqi qarzlar qiymatini oshirishdan tashqari Turkiyaning tarixiy muammosi bo‘lmish inflyasiya darajasini ham yuqoriga sakratib yuboradi. O‘tgan yili Turkiyada eng yuqori inflyasiya ko‘rsatkichi bir muddat 25 foizni tashkil qildi.

2001 yildan beri o‘tgan vaqt oralig‘ida Turkiya iqtisodiyoti muntazam o‘sib, ancha mustahkamlanganini qayd etib o‘tish lozim. Biroq Turkiya iqtisodiyotiga bo‘lgan ishonchga o‘tgan yili putur yetdi. Iqtisodiyot ulkan miqdorda sarflash va qarz olish hisobiga shishirib yuborilgan ekan, degan xavotirlar paydo bo‘ldi. Yana qo‘shimcha qilish mumkinki, Turkiya hukumati markaziy bankning muhim vakolatlarini tortib oldi va bu investorlarning fiskal siyosat yo‘nalishidan jiddiy tashvishlanishiga sabab bo‘ldi.

Bu omillardan xulosa qilinsa, AQSh bilan ziddiyatning har qanday darajada chuqurlashuvi Turkiya iqtisodiyotining barqarorligiga, shubhasiz, rahna soladi. Bunday holatda kapital oqimi keskin cheklanadi va Turkiya valyutasining qadriga jiddiy zarar yetadi.

Biroq Suriya, Iroq va Eron kabi davlatlarga chegaradosh bo‘lmish Turkiya bilan siyosiy va strategik hamkorlikning o‘ta muhim ekanidan kelib chiqib, AQSh amalda unga ziyon keltirishni istamasligi ehtimoli yuqori ekanini anglash mumkin. Turkiya AQSh mudofaa anjom-aslahalarini qabul qilib olishda Isroil va BAAdan keyingi o‘rinda turuvchi yirik ittifoqchidir. Mamlakat harbiy havo kuchlarining katta qismi ham aynan AQSh tomonidan ta’minlanadi. Shuningdek, AQSh va NATO kuchlari Turkiya janubidagi Injirlik havo bazasidan foydalanadi.

Shunday ekan, Turkiyaning iqtisodiyoti zaif nuqtalarga boy bo‘lishi mumkin, lekin u strategik jihatdan muhim ittifoqchi sifatida qolaveradi. Turkiya, shubhasiz, G‘arb uchun muhim mamlakat, ammo Vashington va boshqa qator Yevropa davlatlarida uning ahamiyati ne qadar ekanligi borasida savollar o‘rtaga tashlanmoqda. Hatto ba’zi ameikalik siyosatchilar Turkiyaning Vashingtonni ittifoqchi sifatida ko‘rishiga ham shubha bildirgan.

Lekin Turkiya NATOning muhim a’zosiligicha qolmoqda. Amerika havo kuchlari esa Yaqin Sharqdagi harbiy amaliyotlarni olib borish uchun uning bazalaridan foydalanishda davom etmoqda. Turkiya hududi NATO sharqiy mintaqasining katta qismini tashkil qiladi va Rossiyaning so‘nggi yillardagi tashqi siyosati hisobga olinsa, Qora Dengiz borgan sari strategik jihatdan yanada muhim hududga aylanib bormoqda.

Biroq prezident Rajab Tayip Erdo‘g‘onning avtoritar boshqaruvi rasmiy Anqaraning kelajakdagi ahamiyati borasida Yevropa Ittifoqi va AQShni chuqur o‘ylab ko‘rishga majbur qilmoqda.

Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish jarayoni aynan shu kabi ikkilanishlar tufayli to‘xtab qolgan edi. So‘nggi vaqtdagi turk hukumatining AQSh bilan turli murosasizliklarga borishi ortidan kuchaygan siyosiy va iqtisodiy inqiroz esa ikki tomonlama munosabatlar yaqin kelajakda tiklanadimi yoki yo‘q, degan savollarni kun tartibiga chiqarmoqda. Tomonlar o‘rtasidagi yaqinda boshlangan mojaro rasmiy Anqara 2016 yildagi harbiy to‘ntarishga aloqadorlik va josuslikda ayblayotgan amerikalik ruhoniy Endryu Branson ishi yuzasidan kelib chiqqan edi. Anqara Bransonni ozod etish talabiga rad javobini bergandan so‘ng AQSh Turkiyaga qarshi sanksiyalar joriy qildi va mamlakat iqtisodiy jihatdan chuqur tushkunlikka tushib qoldi.

Kuzatuvchilar fikricha, «Branson ishi» Rajab Erdo‘g‘on va Donald Trampning shaxsiy fe’l-atvori tufayli yuzaga kelgan. Turkiyadan NATO a’zosi maqomini olib qo‘yishning imkoni yo‘q - alyans tartib-qoidalarida bunday amaliyot ko‘zda tutilmagan. Ittifoqdan chiqish qarorini faqat Turkiyaning o‘zigina olishi mumkin.

Turkiya bir necha bor o‘zining tarixiy raqibi bo‘lmish Gresiya bilan yuzaga kelgan diplomatik janjallarini NATO darajasiga olib chiqqan. Oqibatda ittifoq kuchlar muvozanatini saqlab turish qonuniyati doirasida ish ko‘rishga majbur bo‘lgan. Biroq NATO doim ham Turkiyaga alohida e’tibor ko‘rsatmagan va natijada Anqara o‘zini ittifoqdagi eng ahamiyati past a’zo sifatida his qiladi. Masalan, harbiy ittifoqchilar 1990-1991 yillarda Saddam Husayn rejimiga qarshi o‘tkazilgan Sahrodagi Bo‘ron amaliyoti davomida turk hukumatining xavfsizlikni ta’minlash yuzasidan kiritgan so‘roviga o‘z vaqtida javob qaytarmagan edi.

Shunday bo‘lsa-da, Suriyada fuqarolar urushi boshlanishi bilan NATO ittifoqdoshining chegaralari Bashar Assad qo‘shini tomonidan o‘qqa tutilishidan xavfsirab, Turkiyaga raketaga qarshi mudofaa majmualarini yuborgan edi. Tahlilchilarga ko‘ra, Iroq va Suriya misolidagi farqli munosabatlar Turkiyaning har ikki inqirozdagi ahamiyatiga bog‘liq emas. Suriya masalasiga kelganda, Turkiya Assad rejimiga nisbatan qat’iy munosabatda bo‘ldi va g‘arblik ittifoqchilari bilan birgalikda muxolifat kuchlarini qo‘llab-quvvatladi.

Shundan so‘ng Anqara bir vaqtning o‘zida ikki o‘rindiqda o‘tirishga harakat qila boshladi. Prezident Assad hukumatiga qarshi chiqib bilan bir paytda ayni shu hukumatni qo‘llaydigan Moskva bilan aloqalarni kuchaytirishga zo‘r berdi. Amerikaliklar bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq yuzta F-35 qiruvchi samolyotni kutayotgan Anqara Rossiyadan S-400 havo mudofaasi tizimlarini sotib olishga qaror qildi. Har ikki tomon uzoq vaqtdan beri viza rejimini yengillashtirish, hattoki, bekor qilish, «dollar ta’siridan xalos bo‘lish uchun» ikki tomonlama savdo aloqalarini milliy valyutalarda olib borish masalasini muhokama qilmoqda. 

Biroq Vashington va NATOdan yuz o‘girib, Rossiya bilan do‘stlashish Turkiyaga xalqaro obro‘, xavfsizlik kafolati va texnologiya sohasida taraqqiy etish imkoniyatini qo‘sh qo‘llab topshirib qo‘ymaydi. Ammo Turkiyaning «begonalashib borayotganligi masalasi»ga Yevropada munosabat o‘zgacha. 

Bir tomondan Yevropa Ittifoqi Erdo‘g‘on rejimini ayovsiz tanqid qiladi va turk hukumatini inson huquqlarini poymol qilishda ayblaydi. Boshqa tomondan esa Yevropaning Turkiyadagi iqtisodiy manfaatlari juda ham katta. Yevropa banklari Turkiyada yaxshi o‘rnashib olgan va ular liraning qulashini jim tomosha qilib turishni o‘ziga ep bilmaydi.

Erdo‘g‘on ham yevropaliklar bilan aloqalar buzilishini istamaydi. Yaqinda u ikki yunonistonlik harbiy asir va Amnesty International tashkilotining mahalliy bo‘limi rahbarini yevropaliklar talabiga binoan hibsdan ozod qilgan edi. Turkiya qochqin muhojirlar oqimini nazorat etish uchun Yevropaga juda kerak. Shu sababdan ham yevropaliklar prezident Erdo‘g‘on o‘z mamlakatini Yevropadan yanada uzoqlashtirib borayotganligini jim kuzatib turmoqdalar. Ushbu omillarni hisobga olib, xulosa qilinsa, prezident Tramp rahbarligidagi AQSh qanchalik zo‘r bermasin, Turkiya va Yevropa Ittifoqining o‘zaro munosabatlari yaqin vaqt ichida barqarorligicha qolaveradi.

Biroq ham AQSH, ham NATO bilan turlicha munosabatlarni yo‘lga qo‘yishning deyarli imkoni yo‘q. Shu sababdan ham Erdo‘g‘on Vashingtonga nisbatan qanday muomala qilishga qaror qilsa, Turkiyaning NATO bilan munosabatlari ham shunday yo‘sinda kecha boshlaydi. 

Manba: human.uz

Kiritildi: 15:55 12.07.2019. O'qildi: 4718 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!