Ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, u Rossiya maxsus xizmatlariga aloqador bo‘lib, AQSh va Yevropadagi davlat muassasalariga kiberhujumlar uyushtirishda gumon qilinmoqda.
Tailand kiberpolisiyasi ma’lumotiga ko‘ra, xaker Phuket orolida AQSh Federal qidiruv byurosi (FQB) agentlari bilan o‘tkazilgan qo‘shma operasiya davomida hibsga olingan. U joriy yilning 30 oktyabr kuni mamlakatga kirib borgan va Talang tumanidagi mehmonxonada joylashgan. Tintuv chog‘ida undan noutbuklar, mobil telefonlar va kriptohamyonlar (raqamli hamyonlar) topilgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, uning kriptohisoblarida 14 million bat (taxminan 432 ming dollar) muzlatilgan bo‘lib, bu mablag‘larning kelib chiqishi kiberfiribgarlikka aloqador bo‘lishi mumkin.
Polisiya gumonlanuvchining ismini rasman oshkor qilmagan. Biroq “Vot tak” nashrining yozishicha, FQB bazasida kiberjinoyatlar uchun qidiruvda bo‘lgan 35 yoshli yagona rossiyalik Rossiya Bosh razvedka boshqarmasi katta leytenanti, Fancy Bear xakerlik guruhi bilan aloqador Aleksey Lukashevdir.
FQB ma’lumotlariga ko‘ra, Lukashev 2016 yilgi AQSh prezidentlik saylovlariga aralashuv va Demokratik partiya serverlarini buzish bo‘yicha ishda tilga olingan. Uning ismi bu ishda ayblangan 12 nafar shaxs orasida qayd etilgan. Fancy Bear guruhi shuningdek, Hillari Klinton shtab-kvartirasining elektron pochtasi hamda Fransiya prezidenti Emmanuyel Makronning pochtasini buzish bo‘yicha tergovlarda ham tilga olingan.