Amerika harbiylari Suriyaning shimoli-g‘arbida “Al-Qoida” terrorchi guruh rahbarlarining biriga hujum uyushtirdi, deb xabar berdi Pantagon matbuot kotibi Jon Kirbi brifingda.
U ushbu xabarni AQSh qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi bergan ma’lumotga tayanib berayotganini aytgan. Xabarda aytilishicha, aviazarba Idlib shahri atrofida amalga oshirilgan.
"Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, zarba nishonga borib yetgan. Ayni paytda tinch aholi orasida qurbonlar bo‘ldi, deyishga asos yo‘q", — qo‘shimcha qildi Kirbi.
Ommaviy axborot vositalarining yozishicha, “Al-Qoida”ning uchta jangarisi avtomobilda ketayotganda ularga qarata uchuvchisiz o‘zi uchar qurilma orqali zarba berilgan.
O‘tgan hafta AQSh mudofaa vazirligi razvedka boshqarmasi rahbari general-leytenant Skott Berrye ushbu terrorchi tashkilot avvalgi qudratini bir-ikki yildan keyin yana qayta tiklashi mumkinligini aytgan edi.