Qo‘shma Shtatlar hududiy sudi sudyasi Kristofer Kuper Vashingtondagi Jon F. Kennedi nomidagi Ijrochilik san’ati markazi nomiga amaldagi prezident Trampning ismini qo‘shishni noqonuniy deb topdi. Sud qarorida aytilishicha, ushbu muassasa "Prezident Kennediga va faqat Prezident Kennediga" bag‘ishlanishi lozim.
Sudya o‘z hukmini markazga nomni Qo‘shma Shtatlar Kongressi bergani va "uni faqat Kongress o‘zgartira olishi" bilan asosladi. Shu munosabat bilan, sud Donald Trampning ismini Kennedi markazi binosi peshtoqidan olib tashlash haqida qaror chiqardi.
Trampning ismi u yerga 2025 yilning dekabr oyida qo‘shib yozilgan edi. Bundan tashqari, Kuper markazning yangi vasiylik kengashi tomonidan muassasani ta’mirlash ishlarini olib borish uchun ikki yilga yopish haqidagi qarorini ham bekor qildi. Uning aytishicha, ta’mirlashni markaz boshqaruvi bilan maslahatlashgandan so‘ng amalga oshirish mumkin.
Donald Tramp Kennedi markazining avvalgi vasiylik kengashini 2025 yilda tarqatib yuborgan va uning yangi tarkibini tayinlagan edi. Keyinchalik kengashning yangi a’zolari Trampni unga rais etib saylashdi va markaz nomini "Donald J. Tramp va Jon F. Kennedi nomidagi Ijrochilik san’ati markazi" deb o‘zgartirish uchun ovoz berishgan edi.