Germaniya kansleri Fridrix Mers AQSh yaqin vaqt ichida Germaniya hududida o‘rta va qisqa masofali raketa tizimlarini joylashtirmasligini tasdiqladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qaror siyosiy kelishmovchiliklar emas, balki AQShning o‘zida bunday qurollar yetarli emasligi bilan bog‘liq. Ayni paytda bu turdagi raketalar boshqa harbiy operasiyalarda faol qo‘llanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yilda Vashington va Berlin Germaniyada amerikalik quruqlikdan uchiriladigan raketa tizimlarini joylashtirish bo‘yicha kelishuvga erishgan edi. Bu reja Rossiya tomonidan keskin tanqid qilingan.
Gap “Tomahawk”, SM-6 va gipertovushli “Dark Eagle” kabi zamonaviy raketa tizimlari haqida bormoqda. Ular Yevropada 1987 yilgi INF shartnomasidan keyin ilk bor joylashtirilishi kutilgan edi.
Mers ta’kidlashicha, “jarayon hali to‘xtab qolmagan” — Germaniya va uning hamkorlari kelajakda bu masalaga qaytish imkoniyatini saqlab qolmoqda.
Mutaxassislar fikricha, AQShning Yevropadagi harbiy ishtirokining kamayishi xavfsizlik tizimiga ta’sir qilishi mumkin. Shu bilan birga, Yevropa davlatlari o‘z raketa dasturlarini rivojlantirishga ko‘proq e’tibor qarata boshlagan.