AQSh tarixda birinchi marta dunyoning eng qudratli pasportlari reytingidagi eng kuchli 10 talikka kira olmadi.
Markaziy Osiyo davlatlari orasida Qozog‘iston pasporti eng kuchlisi bo‘lib, 67-o‘rinni egallagan va 78 ta davlatga vizasiz kirish imkoniga ega. O‘zbekiston esa 82-o‘rinda, 61 ta davlatga vizasiz kira oladi.
Henley Passport Index — pasportlar bo‘yicha mashhur xalqaro reytinglardan biridir. Uning 20 yillik tarixida ilk bor AQSh pasporti eng kuchli 10 talik ro‘yxatdan chiqib qoldi.
Hozirda uchta Osiyo davlati ro‘yxatning eng yuqori pog‘onasini egallagan:
Singapur — 193 ta davlatga vizasiz kirish huquqiga ega, Janubiy Koreya — 190 ta davlatga, Yaponiya — 189 ta davlatga kirish imkoniga ega.
AQSh Malayziya bilan birgalikda 12-o‘ringa tushgan. Har ikki davlat fuqarolari Xalqaro havo transporti assosiasiyasi (IATA) ma’lumotlariga ko‘ra, 227 ta mamlakatdan 180 tasiga vizasiz kira oladi.
2014 yilda AQSh birinchi o‘rinni egallagan edi, hatto joriy yilning iyul oyida ham u hali ham eng kuchli 10 talik ro‘yxatda edi.