Bu haqda The New York Times xabar berdi.
"Muzokaralar chog‘ida AQSh tomoni Kubaga mamlakat prezidenti lavozimidan ketishi kerakligini ma’lum qilgan. Shu bilan birga, keyingi qadamlar kubaliklarning ixtiyoriga qoldirilgan. Tramp ma’muriyati rasmiylariga ko‘ra, Dias-Kanelning hokimiyatdan chetlatilishi Kubada tarkibiy iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish imkonini beradi, Vashingtonning fikricha, mamlakatning amaldagi prezidenti ularni qo‘llab-quvvatlashi dargumon", deya xabar bermoqda nashr manbalariga tayanib.
NYT suhbatdoshlaridan birining aytishicha, Vashington Gavana hamon Fidel Kastro g‘oyalariga sodiq qolayotgan ayrim keksa siyosatchilarni ham hokimiyatdan chetlatishini xohlaydi. Shu bilan birga, AQSh hozircha mamlakatda juda nufuzli shaxslar bo‘lib qolayotgan Kastro oilasi a’zolariga qarshi hech qanday chora ko‘rishni talab qilmayapti.
Nashr manbasining so‘zlariga ko‘ra, Kuba prezidentining hokimiyatdan chetlatilishi Tramp uchun Venesuelada bo‘lgani kabi “uzoq vaqtdan beri AQShga qarshi bo‘lgan so‘l hukumat rahbarini ag‘darganini e’lon qilish imkonini beruvchi ramziy g‘alaba” bo‘ladi.
"AQSh rasmiylari nuqtayi nazariga ko‘ra, muzokaralar Kuba o‘z iqtisodiyotini amerikalik ishbilarmonlar va kompaniyalar uchun bosqichma-bosqich ochib berishiga, qaram davlat yaratilishiga zamin yaratishga, shuningdek, Tramp e’lon qilishi mumkin bo‘lgan bir nechta ramziy siyosiy g‘alabalarga erishishga qaratilgan", deyiladi maqolada.