AQSh rasmiylari KXDR yetakchisi Kim Chen Inning ikki haftadan ko‘proq vaqt davomida bedarak yo‘qolganini va ommaviy tadbirlarda qatnashmayotganini g‘ayrioddiy deb hisoblashadi. Qo‘shma Shtatlar vaziyatning har qanday rivojlanishiga tayyorlanmoqda, dedi Davlat kotibi Maykl Pompeo. Uning so‘zlaridan TASS iqtibos keltirmoqda.
Pompeoning ta’kidlashicha, Qo‘shma Shtatlar Shimoliy Koreya rahbarining ikki haftadan ko‘proq vaqtdan so‘ng jamoatchilik oldida paydo bo‘lgani haqida ma’lumot olmagan. "Bu haqda eshitmadik, bu g‘ayrioddiy holat, — dedi AQSh davlat kotibi. — Biz buni diqqat bilan kuzatishda davom etamiz. Har qanday vaziyatga tayyor turish uchun harakat qilmoqdamiz”.
Pompeoga ko‘ra, Prezident Donald Tramp aytganidek, asosiy maqsad Singapurda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishdir. "Bu mamlakatning yadro quroliga ega bo‘lmasligini va Shimoliy koreyaliklar uchun kelajak porloq bo‘lishini ta’minlashni o‘z ichiga oladi", dedi Pompeo.
Ma’lumot uchun, Kim Chen In 11 apreldan beri jamoatchilik oldida ko‘rinmayapti.