Venesuelaning vaqtinchalik prezidenti AQSh hukumatini hamkorlikka chaqirdi. Avvalroq Tramp uni Vashington bilan hamkorlik qilmaslikning oqibatlaridan ogohlantirgan edi.
Venesuela prezidenti vazifasini bajaruvchi Delsi Rodriges mamlakati tinchlikka sodiq ekanini va AQSh bilan “muvozanatli hamda o‘zaro hurmatga asoslangan” munosabatlarni yo‘lga qo‘yishni ustuvor vazifa deb bilishini aytdi.
"Biz AQSh hukumatini xalqaro huquq doirasida qo‘shma taraqqiyotga yo‘naltirilgan dastur asosida biz bilan hamkorlik qilishga taklif qilamiz. Prezident Donald Tramp, xalqlarimiz va mintaqamiz urush emas, balki tinchlik va muloqotga loyiq. Venesuela tinchlik, rivojlanish, suverenitet va farovon kelajakka bo‘lgan huquqqa ega", — dedi Rodriges.
Avvalroq Tramp Venesuela neft sanoatini AQSh kompaniyalari uchun ochish va narkotrafikka qarshi kurashda Vashington bilan hamkorlik qilmasa, mamlakatga yangi zarbalar berish haqida buyruq berishi mumkinligini aytgan edi.
"Agar u AQSh bilan hamkorlik qilishdan bosh tortsa, Madurodan ham qimmatroq tovon to‘laydi", — degan edi AQSh prezidenti.