AQSh harbiylari Suriyadagi qamoqxonalardan ISHID terrorchilik guruhining 5 700 dan ortiq a’zosini Iroqqa ko‘chirish bo‘yicha 23 kunlik maxsus operasiyani muvaffaqiyatli yakunladi.
Bu haqda AQSh Qurolli Kuchlari Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) rasmiy bayonot berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu murakkab logistik jarayon 21 yanvarda boshlangan edi va 12 fevral kuni to‘liq nihoyasiga yetdi. Operasiya davomida Suriyaning shimoli-sharqidagi hibsxonalarda saqlanayotgan jami 5 700 nafardan ortiq erkak jangarilar Iroq tomonining nazoratiga topshirilgan.
Avvalroq CENTCOM Iroqqa yuboriladigan mahbuslarning umumiy soni 7 ming kishiga yetishi mumkinligini bildirgan edi. Iroq Adliya vazirligining ma’lum qilishicha, ko‘chirilganlar orasida 270 dan ortiq Iroq fuqarosi, 3 000 dan ziyod Suriya fuqarosi va boshqa davlat vakillari bor. Barcha mahbuslar yagona xavfsiz qamoqxonaga joylashtirilgan bo‘lib, ular Iroq qonunchiligi asosida tergov qilinadi va sudlanadi.