AQSh haftaning oxirida qisman shatdaunga uchrashi mumkin — The Wall Street Journal.
Demokratlar byudjet loyihasiga Ichki xavfsizlik vazirligi (DHS) bilan bog‘liq o‘zgartirishlar kiritishni talab qilmoqda. Ular immigrasiya nazoratini cheklash bo‘yicha qoidalarni qayta yozishni rejalashtirmoqda. Bu talab respublikachilar tomonidan tasdiqlanishi qiyin.
Respublikachilar Senatda ko‘pchilikni tashkil qiladi, biroq yuqori palata reglamenti bo‘yicha qonun loyihasini ilgari surish uchun kamida 60 ta ovoz kerak.
AQSh tarixidagi eng uzoq muddatli shatdaun o‘tgan yilning oktyabr-noyabr oylarida kuzatilgan bo‘lib, u 43 kun davom etgandi.
AQSh Kongressi byudjet to‘g‘risidagi qonunni qabul qilmasa yoki prezident uni imzolamasa, shatdaun yuzaga keladi.
Shundan so‘ng davlat xizmatchilarini majburiy, ammo to‘lovlarsiz ta’tilga chiqish xavfi kutadi. Shu bilan birga, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, sog‘liqni saqlash, favqulodda vaziyatlar va boshqa shu kabi “muhim” xizmatlar o‘z faoliyatini davom ettiradi, biroq maosh olmasdan ishlaydi. Davlat xizmatchilariga shatdaun tugagach, barcha ishlamagan kunlari uchun maosh to‘lab beriladi.