Bugun 5 may, 2026 yil, seshanba

КИР

AQSh Germaniyaga "Tomahawk" raketalarini berishdan voz kechdi

AQSh Germaniyaga "Tomahawk" raketalarini berishdan voz kechdi

Qo‘shma Shtatlar nafaqat Germaniyadagi o‘z qo‘shinlari sonini qisqartirishga qaror qildi, balki 2024 yilda Bayden va’da qilgan "Tomahawk" raketalarini topshirishdan ham voz kechdi.

Bu haqda Politico nashri o‘z manbalariga tayanib xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, Germaniyani birinchilardan bo‘lib tark etadigan bo‘linmalardan biri — Yevropaga "Tomahawk" qanotli raketalarini yetkazib berishi kerak bo‘lgan ixtisoslashgan qism bo‘ladi. Nashrning yozishicha, endilikda "bu reja amalda yo‘qqa chiqdi", Germaniya va ittifoqchilar esa raketalarsiz mudofaada katta bo‘shliq bilan qolmoqda va uni tezkor to‘ldirishning imkoni yo‘q. Chunki Yevropada masofa jihatidan "Tomahawk" o‘rnini bosa oladigan to‘liq muqobil qurol mavjud emas.

NATO'ning yuqori lavozimli diplomati Yevropa hali ham "uzoq masofali zarba berish vositalari" borasida imkoniyatlar yetishmovchiligini boshdan kechirayotganini tan oldi. Ushbu raketalarni joylashtirish 2024 yilda Bayden tomonidan va’da qilingan edi. Bu Rossiyaning 2018 yilda Kaliningradda "Iskander" raketalarini joylashtirishiga javoban NATO'ning yadroviy bo‘lmagan tiyib turish salohiyatini kuchaytirishi kerak edi.

Hozirda Germaniya uchun mavjud muqobillardan biri — parvoz masofasi 500 km bo‘lgan "Taurus" raketalarini modernizasiya qilishdir. Berlin bu raketa ishlab chiqarishni to‘xtatgan edi, biroq endi "Taurus Neo" versiyasini chiqarishni rejalashtirmoqda. Ammo ekspertlarning fikricha, "Taurus" va "Tomahawk" o‘rtasidagi farq juda katta.

"Tomahawk" 1600 kilometrgacha ucha oladi. Yangi "Neo" versiyasi masofani 1000 kilometrgacha yetkazishi mumkin, lekin u faqat 2030 yildan keyin tayyor bo‘ladi. Agar AQSh o‘z tizimlarini Germaniyada joylashtirishni istamasa, Berlin ularni mustaqil ravishda sotib olishga harakat qilishi mumkin.

Kiritildi: Bugun 18:09. O'qildi: 346 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!