AQSh Falastin prezidenti Mahmud Abbosga Nyu Yorkda o‘tadigan BMT Bosh assambleyasida qatnashish uchun kirish vizasini bermadi. Bu haqda 16 sentyabr kuni vaziyatdan xabardor manba ma’lum qildi.
AQSh Davlat departamenti Abbosning ismini tilga olmagan holda alohida bayonot berdi. Unda Falastin Ozodlik tashkiloti (FOT) va Falastin ma’muriyati rasmiylariga vizalar berilmasligi aytilgan.
Tashkilot xabarida aytilishicha, bunga rasmiylarning islohotlar o‘tkazmagani sabab bo‘lgan. Shuningdek, ularning bu xatti-harakatlari tinchlik o‘rnatishga xalaqit berayotgani ta’kidlangan. AFP nashri manbasi bu cheklov Mahmud Abbosga ham taalluqli ekanini tasdiqladi.
Tramp ma’muriyati 2025-yilda ham shunday yo‘l tutgan edi. O‘shanda BMT Bosh assambleyasida Falastin yetakchisi video orqali murojaat qilishga majbur bo‘lgan. Davlat departamentining 16 sentyabr kungi bayonotida FOT va Falastin ma’muriyati o‘z majburiyatlarini yana bajarmaganini bildirdi.
“Bu xalqaro tashkilotlarda avvalgi majburiyatlarga zid bo‘lgan harakatlarni boshlash va qo‘llab-quvvatlashni o‘z ichiga oladi”, deyiladi bayonotda.
Falastin ma’muriyati 17 sentyabr kuni AQShning bu qarorini keskin qoraladi. Falastin Tashqi ishlar vazirligi o‘z bayonotida buni asossiz chora deb atadi. Vazirlikning ta’kidlashicha, bu qaror ishonchni qayta tiklash va Falastin-AQSh munosabatlarini rivojlantirish sa’y-harakatlariga zid keladi.