AQSh Yevropadagi harbiy kontingentining bir qismini Janubiy Amerikaga ko‘chirib, narkotik kartellariga qarshi kurashda foydalanishi mumkin. Bu haqda AQSh mudofaa vaziri Pit Xegset ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Vashington narkotik kartellariga qarshi kampaniya doirasida Markaziy va Janubiy Amerikadagi harbiy ishtirokini kengaytirmoqda. AQSh Ekvador, Gonduras, Gvatemala va Panama kabi davlatlar hukumatlari bilan hamkorlik qilmoqda.
Shu bilan birga, AQSh Yevropadagi harbiy ishtirokini qayta ko‘rib chiqmoqda. The Hill ma’lumotlariga ko‘ra, Pentagon ushbu jarayonni dekabr oyiga qadar yakunlashni rejalashtirgan.
Avvalroq NBC News AQSh Yevropadan 25 mingdan ortiq harbiy xizmatchisini, ya’ni kontingentning qariyb uchdan bir qismini olib chiqishi mumkinligi haqida xabar bergan. NATO ittifoqchilari esa Yevropada Rossiya tomonidan kelayotgan tahdid kuchayib borayotganidan ogohlantirgan.