AQSh Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) ma’lumotiga ko‘ra, Amerika kuchlari Eron bayrog‘i ostidagi ikki bo‘sh neft tankerini zarba bilan ishdan chiqargan.
Hodisa Ummon ko‘rfazida sodir bo‘lgan. AQSh tomonining ta’kidlashicha, tankerlar Eron portlari blokadasi talablariga rioya qilmagan.
CENTCOM bayonotiga ko‘ra, USS George H.W. Bush avianosesidan ko‘tarilgan F/A-18 Super Hornet qiruvchisi tankerlarning tutun chiqarish quvurlariga yuqori aniqlikdagi o‘q-dorilar bilan zarba bergan.
Qo‘mondonlik 6 may kuni yana bir neft tankeri ishdan chiqarilganini ham ma’lum qildi.
Eronning Fars agentligi esa Hurmuz bo‘g‘ozida Eron va AQSh kuchlari o‘rtasida qisqa to‘qnashuv bo‘lganini xabar qildi. Biroq agentlik tankerlar shikastlangani haqida ma’lumot bermadi.