AQSh harbiylari Ukrainadagi harbiy harakatlarda ishtirok etmaydi. Bu haqda MSNBC telekanali efirida Pentagon vakili Jon Kirbi ma’lum qildi.
«Prezident [Jo Bayden] amerikalik harbiylar Ukrainada jang qilmasligi to‘g‘risida aniq ko‘rsatma bergan», — degan u.
Kirbi amerikaliklar harbiy kontingentidan AQSh fuqarolarini Ukrainadan evakuasiya qilishda foydalanish ham «hisob-kitoblardagi xatolik xavfi hamda Rossiya va Amerika qurolli kuchlari o‘rtasidagi to‘qnashuv riskini oshirishi»ni qo‘shimcha qilgan va bu esa Ukrainadagi vaziyatni yangi bosqichga olib chiqishini ta’kidlagan.
Fevral oyi boshida Kirbi amerikalik harbiylar Ukrainadagi harbiy harakatlarda ishtirok etmasligi, Sharqiy Yevropaga yo‘llanayotgan qo‘shimcha kontingentlarning maqsadi — «NATO bo‘yicha ittifoqchilarning mudofaasini qo‘llab-quvvatlash» ekanini ma’lum qilgandi.
11 fevral kuni prezident Jo Bayden amerikalik harbiylar voqealarning har qanday rivojida fuqarolar evakuasiyasi uchun Ukrainaga kiritilmasligini ma’lum qilgandi. «Agar amerikaliklar va ruslar bir-birini ota boshlasa, bu jahon urushi bo‘ladi», — degandi prezident.
O‘shanda u Ukrainada bo‘lib turgan amerikaliklarni mamlakatni tark etishga chaqirib, vaziyat «juda tez nazoratdan chiqib ketishi» mumkinligini aytgandi.
12 fevral kuni Vashinton Ukraina qurolli kuchlari askarlarini o‘qitish bilan mashg‘ul bo‘lgan 150 nafar amerikalik harbiylarni uyga qaytarish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Kirbi bu harakatni harbiylarning «qayta dislokasiyasi» deb atagandi.