AQSh 2026 yildan boshlab dollar banknotalarini to‘liq yangilash bo‘yicha eng yirik modernizasiya dasturini boshlaydi. Bu haqda AQSh Zarbxona va matbaa byurosi (BEP) xabar berdi.
Qayta loyihalash jarayoniga Moliya vazirligi, Moliya siyosati byurosi, Federal zaxira tizimi boshqaruv kengashi, Federal zaxira tizimi va AQSh Maxfiy xizmati vakillaridan iborat Soxtalashtirishga qarshi boshqaruv qo‘mitasi (ACD) rahbarlik qiladi.
Unga ko‘ra, yangi kupyuralar, avvalo, xavfsizlik darajasini oshirish, qalbakilashtirish texnologiyalariga qarshi kurashni kuchaytirish hamda dollarning global zaxira valyuta sifatidagi mavqeyini mustahkamlashga qaratilgan.
Banknotalarning yangilanishi quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:
$10 lik banknota — 2026 yilda;
$50 lik — 2028 yilda;
$20 lik — 2030 yilda;
$5 lik — 2032 yilda;
$100 lik — 2034 yilda muomalaga chiqariladi.
Qayd etilishicha, mazkur ketma-ketlik xavf-xatarlarni kamaytirish va qalbaki pul muomalasiga qarshi kurashishga yo‘naltirilgan.
Banknotalarning tashqi dizayni haqida hozircha ma’lumot berilmagan. Har bir kupyuraning yangi ko‘rinishi muomalaga chiqarilishidan olti-sakkiz oy oldin ommaga taqdim etiladi.