Apple kompaniyasi Max messenjeri ilovasi App Storeʼdan olib tashlanganini tasdiqladi. Foydalanuvchilar 3 iyun kuni kechqurun dastur endi App Store qidiruv natijalarida ko‘rinmayotganini payqay boshlashgan.
Kompaniya BBC rus xizmatiga bergan bayonotida qaror Apple faoliyat yuritadigan mamlakatlardagi qonunlar va sanksiya talablariga rioya qilish doirasida qabul qilinganini ma’lum qildi.
Biroq Apple qaysi sanksiyalar nazarda tutilayotganiga aniqlik kiritmadi.
Foydalanuvchilarning ta’kidlashicha, 3 iyun oqshomidan boshlab Max messenjeri App Store qidiruv tizimida chiqmay qolgan. Ilovaning sahifasiga havola orqali kirishga urinilganda ham xatolik haqida xabar paydo bo‘lgan.
Max messenjeri o‘tgan yil mart oyida ishga tushirilgan edi. So‘nggi oylarda Rossiyada milliy messenjerlarni rivojlantirish va xorijiy platformalar faoliyatini cheklash haqidagi muhokamalar fonida mazkur loyihaga qiziqish ortgan.
Rossiya muxolifati va bir qator jamoatchilik faollari avvalroq Max messenjerini Apple va Google ilovalar do‘konlaridan olib tashlashga chaqirgan edi. Jumladan, Yuliya Navalnaya bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan, shuningdek «Rassvet» partiyasi faollari ham milliy messenjerni majburiy joriy etishga qarshi kampaniya boshlagan edi.
Biroq ushbu chaqiriqlar Apple qarorining qabul qilinishiga ta’sir qilgan-qilmagani haqida hozircha ma’lumot yo‘q.
May oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin xorijiy raqamli xizmatlar ustidan nazoratni kuchaytirish va mahalliy platformalarni qo‘llab-quvvatlash zarurligini ta’kidlagan edi. Max messenjeri atrofidagi vaziyat esa raqamli bozordagi raqobat va sanksiyalar ta’siri haqidagi bahslarni yanada kuchaytirishi mumkin.