Bugun, 20 avgust kuni Shahrixon tumanidagi maktab binosida yong‘in sodir bo‘layotgani haqida xabarlar tarqaldi. Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmati bu haqda ma’lumot berdi.
Ushbu yong‘in soat 15:28 da “Shahrixonlik” MFY, “Hamza” ko‘chasida joylashgan tuman MMTBga qarashli 2-umumiy o‘rta ta’lim maktabida sodir bo‘lib, qo‘shimcha (ko‘mirxona) binoning 30 kv/m maydoni tom qismi, shu ko‘chada joylashgan ATB “Hamkorbank” tuman filiali qo‘shimcha binosining 30 kv/m tom qismi hamda noturar binoning 5 kv/m tom qismi yong‘indan zararlangani kuzatilgan.
FVB o‘t o‘chirish guruhi soat 15:32 da (4 daqiqa ichida) mazkur joyga yetib borib, 15:36 da yong‘inni o‘rab olgan. Soat 16:14 da esa, yong‘in butkul o‘chirilgan. Hodisa oqibatida tan jarohati olganlar yoki qurbon bo‘lganlar yo‘q.
Binolarning umumiy 500 kv/m maydoni yong‘indan saqlab qolindi. Yong‘inni kelib chiqish sabablari va zararlar aniqlanmoqda.