Bugun 25 aprel, 2024 yil, payshanba

КИР

Andijonda jinoyatchi cho‘ponga jazo tayinlandi

Andijonda jinoyatchi cho‘ponga jazo tayinlandi

Andijon viloyatining Jalaquduq tumanilik A. Matmusa (ismlar o‘zgartirildi) tirikchilik o‘tkazish uchun Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumaniga kelib joylashadi. Ko‘p o‘tmay, oilasini ham ko‘chirib keladi.
U dastlab hammaga tavoze bilan ikki qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, yosh bolaga ham «siz»lab murojaat etadi. Ko‘pchilikning ishonchiga kirib olgandan keyin esa tap tortmay o‘zganing mulkini o‘zlashtirib olishni boshlaydi. Bunda unga mahalladagi fuqarolarning qo‘ylarini boqib berish juda qo‘l keladi. Biror tuzukroq, aniqrog‘i, «yog‘li» ish izlab yurganida dalada o‘tlab yurgan qo‘ylarni ko‘rib, ko‘zi quvnab ketadi. Ularni qanday qilib qo‘lga kiritishni o‘ylaydi. Qarasa, qo‘ylarni bir-ikki yosh bola boqib yuribdi. Qo‘ylarning egasini surishtirib bilgach, ikki qo‘li ko‘ksida unga murojaat etadi:

– Kecha o‘g‘lingizni ko‘rgandim, bir suruv qo‘yni boqib yurgan ekan, yosh bolaga ishonib topshiribsiz. Harholda ehtiyot bo‘lgan yaxshi, – dedi unga achingan bo‘lib.

– Mahallada podachi bo‘lardi, Toshkentga borib ishga joylashganmish, noiloj yosh bolalarga topshiryapmiz, – dedi H. Hamidxo‘ja. – Bir yuz oltmishta qo‘yni bolalar amallab boqib kelyapti. Erta-indin maktab boshlansa, nima qilamiz, deb boshim qotyapti.

– Mening otam podachilik qilgan, bolaligimdan unga yordamlashganman, suruvni qanday boqishni yaxshi bilaman. Kelishsak, men o‘zim boqib berardim...

Matmusaning gapi og‘zida qoldi:

– Ertadan mening uyimga kelavering, – dedi Hamidxo‘ja. – Podani sizga topshiraman. Ilgarigi podachi bir qo‘y uchun oyiga uch ming so‘mdan olardi, sizga besh ming so‘mdan to‘lasam, rozi bo‘lasizmi?

– Mayli, barakasini bersin, ro‘zg‘or tebratib turishga yetsa bo‘ldi, – dedi qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib Matmusa.

Oradan bir oylar o‘tib, Matmusa odamlar qo‘y boqqani uchun berayotgan pulga qanoat qilmay, bildirmay qo‘ylarni sota bosh­ladi. Dastlab qo‘shni mahalladagi Barhayot Erkayevga bozorda bir million so‘mlik qo‘yni olti yuz ming so‘mga pullaydi.

– Egasi bilan kelishganmisiz? – dedi Barhayot Matmusaga.

– Bu qo‘y menga beriladigan cho‘tal hisobidan, olib ketavering, – dedi Matmusa pinagini buzmay.

Mahallada andijonlik kishi podachilik qilayotganmish, degan gap tezda tarqaldi. Unga o‘nta, yigirmata qo‘yini olib kelib topshirganlar soni o‘ndan ortdi.

Shu mahallada yashovchi A. Ziyoviddinning ishonchiga kirgan Matmusa uning o‘nta qo‘yini boqish uchun oladi.

Oradan o‘n kunlar o‘tib, arzon qo‘yning isini olgan Barhayot yana keladi. Matmusa bu gal unga Ziyoviddinning sakkiz yuz ming so‘mlik qo‘yini besh yuz ming so‘mga «baraka» qiladi.
Ziyoviddin unga rosa ishonganidan qo‘ylari nima bo‘lyapti, deb xabar ham olmaydi. Bundan foydalangan Matmusa o‘nta qo‘yning hammasini arzon-garovga pullab, o‘z ehtiyoji uchun ishlatib yuboradi. Qo‘ylarni yaxshi boqyapman, ancha semirib qoldi, deb undan xizmat haqini olaveradi. Shu mahallada yashaydigan. Ikromxo‘janing olti bosh qo‘yini ikki-uch oy boqib, sotib yuboradi va olti oygacha xizmat haqini olib yuradi.

Matmusaning podachiligini eshitgan T. Tohirov yigirmata qo‘yini haydab keladi.

– Yil oxirigacha qo‘ylaringiz ikki hissa ko‘payadi, – deydi Matmusa yana bir laqma tuzoqqa tushganidan sevinib.

– Qo‘ylarning yarmi erkak-ku, – hayron bo‘lib so‘raydi T. Tohirov.

– Sovliqlaringiz zotli ekan. Men ikkitadan qo‘zi olish sirini bilaman, kelasi yil bir poda qo‘yni haydab ketasiz, – deydi Matmusa qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib.

T. Tohirov bu gapdan erib ketib, har bir qo‘y uchun boshqalardan ming so‘m ko‘p to‘lashini aytadi. Keyin qo‘ylar adashib ketmasin uchun bo‘yoqdan belgi qo‘yadi.

Oradan olti oylar o‘tib yaylovga xabar olgani kelgan
T. Tohirovning fig‘oni falakka chiqadi. Cho‘pon unga ikki baravar ko‘payadi, degan qo‘ylarining yarmi yo‘q edi. Qo‘ylardan o‘ntasini allaqachon pullab bo‘lgan Matmusa egasi surishtirib kelganidan hayiqmay:

– Qo‘ylaringiz hammasi joyi­da men o‘z cho‘talimni oldim, qolgani o‘tlab yuribdi, – deydi bo‘zrayib.

– Qanaqa cho‘tal, men senga naqd pul to‘layapman-ku, – tutoqdi T. Tohirov.

Janjal boshlanib, tuman IIBgacha borishadi. T. Tohirov bilan bo‘lgan voqeani eshitgan boshqalar ham kelib qo‘ylarini sanay boshlaydi.

Ichki ishlar organlari xodimlari ishtirokida Matmusaning boqish uchun olgan qo‘ylari taftish qilinadi. Tergov davomida Matmusaning yetmishdan ortiq qo‘yni sotib, so‘yib, o‘z ehtiyoji uchun ishlatib yuborgani aniqlanadi. Jabrlanuvchilarga jami ellik besh million so‘mga yaqin moddiy zarar yetkazgan Matmusa pullarning bir qismini qaytaradi. Ishonib topshirilgan o‘zganing mulkini o‘zlashtirish hamda firibgarlik jinoyatlarini sodir etgan Matmusa qonun oldida javob berdi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzaobod tumani sudida «cho‘talchi» cho‘ponning ishi ko‘rib chiqilib, tegishli jazo tayinlandi.

Kiritildi: 15:07 23.01.2020. O'qildi: 2466 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!