Bugun 29 aprel, 2024 yil, dushanba

КИР

Amerikada karantin, COVID-19 bilan kurash va aholiga uch marta tarqatilgan yordam puli haqida o‘zbekistonlik vatandoshlar hikoyasi

Amerikada karantin, COVID-19 bilan kurash va aholiga uch marta tarqatilgan yordam puli haqida o‘zbekistonlik vatandoshlar hikoyasi

COVID-19 koronavirusi AQSh tarixida ilgari ro‘y bermagan holatlarga sabab bo‘ldi. Kasallik qurbonlari soni Amerika armiyasining Birinchi jahon urushi davridagi yo‘qotishlardan oshib ketdi. Ammo hukumat kasallik bilan kurash davomida fuqarolarini moddiy qo‘llab-quvvatladi, ishini yo‘qotgan, kichik biznesi kasodga uchraganlarga va aholiga yordam puli ajratdi. Yordam dasturi qamrovida hozirda Amerikada yashayotgan o‘zbekistonliklar ham chetda qolmadi.

Behzod Mamadiyev, Vashington shahri Kolumbiya okrugi

Poytaxt Vashingtonda o‘tgan yili martdan boshlab cheklovlar joriy etildi. Oziq-ovqat va boshqa zarur ehtiyojlardan tashqari, ko‘chaga chiqmaslik so‘raldi, lekin majburiy bo‘lgani yo‘q. Xususiy biznes korxonalari va tashkilotlar mijozlardan niqobda yurishni talab qildi. Niqob taqish bo‘yicha ham federal darajada majburiy qaror chiqqani yo‘q, faqat tavsiya etildi, xolos. Xususiy biznes sektorlari esa bunga jiddiy qarashdi.

Restoranlar, kinoteatrlar, shu kabi ikkilamchi darajadagi bizneslar bir necha oyga yopildi. Oziq-ovqat, kasalxona, dorixonalar, mahsulot yetkazish bilan shug‘ullanuvchi bizneslar esa faoliyatini to‘xtatmadi.

Pandemiya boshlangandan beri amerikaliklar va doimiy rezidentlar uch marta yordam oldi. 2020 yil mart oyi oxirida qabul qilingan 2,2 trillion dollarlik yordam dasturi asosida bizneslarga yordam puli ajratildi. Shuning qatorida har bir kishiga 1200 dollardan yordam puli berildi. 2021 yil boshida odamlar yana bir marta 600 dollardan pul oldi. Martga kelib, uchinchi marta 1400 dollardan pul tarqatildi. Demak, pandemiya boshlangandan beri har bir o‘rta hol amerikalik va rezident (jumladan, bolalar ham) davlatdan o‘rtacha 3200 dollar yordam puli oldi. Bitta oilada agar besh kishi bo‘lsa, bu bitta oilaga 10–15 ming dollar atrofida pul berildi, degani.

Yordam pullaridan tashqari, ishsizlik nafaqasi ham tayinlandi. Ishini yo‘qotganlarga har hafta 400 dollardan yordam puli berildi. Ular hozir ham bu pulni olishyapti (hozir haftasiga 300 dollarga tushgan).

Amerikada aholini yozgacha to‘liq emlaymiz, degan gap bor. Lekin shu bilan birga, odamlarni xotirjamlikka berilmaslikka, cheklov va gigiyena qoidalari qat’iy talab qilishga chaqirishmoqda. Vaksina olishni istamaydigan amerikaliklar ham ko‘p. Ba’zi so‘rovlarga ko‘ra, aholining 50 foizi buni xohlamayapti. Shu bois, vaksinani majburlab berishmaydi, aksincha, vaksina olishga targ‘ibot qilishyapti, xolos.

Umuman, pandemiyani yengish uchun aholining 70 foizi yo vaksina olishi yoki kasallanib tabiiy immunitet hosil qilishi kerak. Hukumat mana shu 70 foizga 2021 yilning yozigacha erishamiz, deb umid qilyapti.

Saidaziz A’zamov, Nyu-York shahri

Amerikada karantin, COVID-19 bilan kurash va aholiga uch marta tarqatilgan yordam puli haqida o‘zbekistonlik vatandoshlar hikoyasi

Foto: Saidaziz A’zamovning shaxsiy arxividan

AQSh fuqarolari, grin-karta, ya’ni doimiy rezident maqomiga ega bo‘lganlar, shuningdek, boshqa soliq to‘lagan rezidentlar uchun stimulus check deb nomlanadigan yordam puli berildi. Sharti shuki, siz soliq to‘lovchi bo‘lishingiz va daromadingiz 150 dollardan kam miqdorda bo‘lishi kerak.

Bunaqangi «turtki cheklari» o‘tgan yili ham xuddi shunday paytlari berilgandi. Bolalarga boshida 600 dollar berilgandi. Hozir ular ham kattalardek 1400 dollardan olishadi.

Undan tashqari, daromadi past aholi uchun Food stamp degan dastur, yana sug‘urta preferensiyalari ham bor. «Fud stemp»da oziq-ovqat uchun kartochkangizga pul tashlab beriladi. Davlat «Medikeyd», «Medikeyr» dasturlari orqali kam ta’minlanganlar dori sotib olishi uchun sug‘urta kompaniyalariga pul o‘tkazib beradi.

Stimulus check qog‘oz chek shaklida yoki shunchaki soliq to‘laganingizda kiritgan kartangizga tushadi. Unga hujjat topshirilmaydi. Soliq to‘laganlarga avtomatik ravishda o‘tkaziladi. Mahalladan ma’lumotnoma, «jensovet»dan tavsiyanoma kerak emas.

Agar ishingizni yo‘qotgan bo‘lsangiz, 1400 dollardan tashqari Unemployment Insurance Benefit dasturi orqali har bir shtat o‘z siyosatiga ko‘ra haftasiga sizga ishsizlik sug‘urtasi (so‘zma-so‘z tarjimasi shunday) beradi.

Jaloliddin Hajayev, Atlanta shahri

Amerikada virus boshlanishini har kim turlicha qabul qildi. Kimlardir ishonmadi. Yana kimdir o‘sha zahoti do‘konga chopdi. Ayrimlar 2–3 oyga yetadigan oziq-ovqatini g‘amladi. Lekin narxlar o‘zgarmadi. O‘z holicha qoldi.

Hukumat uch marta yordam puli berdi. Birinchisida kattalarga 1200 va bolalarga 500 dollardan berdi. Ikkinchi safar hammaga baravar 600 dollardan tarqatildi. Uchinchi marta kattalar-u bolalarga 1400 dollardan ajratildi. Yordam puli, asosan, 2019 yil soliq to‘langaniga qarab berildi. Bankdagi hisob raqamingiz orqali soliq to‘lagan bo‘lsangiz, yordam puli to‘g‘ri shu hisob raqamga tushaverdi. Qolganlar qog‘oz chek shaklida oldi.

Davlat inqirozga uchraganlarga 2 xil shaklda qarz berdi. Ishchiga oyligini kamaytirmaslik yoki uzmaslik evaziga, xususiy biznesga esa ishini rivojlantirishi uchun qaytarish sharti bilan 30 yilga mablag‘ ajratdi.

Kiritildi: 10:53 12.04.2021. O'qildi: 3570 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!