American Airlines aviakompaniyasining Madriddan Dallasga uchib ketayotgan samolyoti bortidagi sakkizta hojatxonaning oltitasi ishdan chiqqani sababli yo‘nalishini o‘zgartirib, Nyu-York aeroportiga qo‘ndi.
Boeing 777 samolyoti bortida 275 nafar yo‘lovchi va 12 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Samolyot yo‘nalishini o‘zgartirish haqida qaror qabul qilingan vaqtda havoda yetti soatdan ortiq vaqt davomida bo‘lgan edi.
Ekipaj dispetcherlarga PAN-PAN signalini yuborgan. Bu signal shoshilinch vaziyatni anglatadi, ammo insonlar hayotiga bevosita xavf mavjudligini bildirmaydi.
AQSh Federal aviasiya ma’muriyati rejadan tashqari qo‘nishga ishlaydigan hojatxonalar soni yetarli bo‘lmagani sabab bo‘lganini tasdiqladi.
Samolyot hech qanday hodisasiz qo‘ndi. Nyu-Yorkdagi tekshiruvdan so‘ng, taxminan uch yarim soat o‘tib parvozini davom ettirdi va kechqurun Dallasga yetib bordi.
American Airlines kompaniyasi bir vaqtning o‘zida oltita hojatxona nima sababdan ishdan chiqqanini ma’lum qilmadi.