Rossiyalik to‘rt nafar oligarx – Alisher Usmonov, Roman Abramovich, Mixail Fridman va Pyotr Aven Yevropa Ittifoqi tomonidan ularga nisbatan qo‘llanilgan sanksiyalarni bekor qilish talabi bilan Yevropa sudiga murojaat qildi.
Bu haqda xabar bergan Wall Street Journal nashri Yevropa sudiga da’volarni har bir oligarx alohida taqdim etishini ta’kidladi.
Nashrning yozishicha, Alisher Usmonov va uning singlisi Gulbahor Ismoilova ularga qarshi sanksiyalarni bekor qilishdan tashqari, YEIdan 20 ming dollar miqdoridagi sud xarajatlarini to‘lashni talab qilmoqda.
Usmonov o‘z arizasini sudda ko‘rib chiqishni tezlashtirishga harakat qilmoqda, deb yozadi Wall Street Journal. Xabarda aytilishicha, Usmonov buni sanksiyalar tufayli bir nechta tijorat shartnomalari bekor qilingani, buning natijasida uning uchta kompaniyasi bankrotlik yoqasida qolgani bilan izohlagan. Ammo o‘tgan oy sud Usmonovning iltimosini rad etdi.
Britaniya Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, mart oyida sanksiyalar ro‘yxatida bo‘lganidan so‘ng Alisher Usmonov bir qator aktivlarini singlisi Gulbahor Ismoilovaga o‘tkazgan. Xususan, Ismoilova “Dilbar” yaxtasining yagona egasi hisoblanadi.
Ismoilovaning Buyuk Britaniyadagi barcha aktivlari muzlatilgan, unga mamlakatga kirish taqiqlangan. Toshkentdagi Fedorovich nomidagi klinik sanatoriyning 82,1 foiz aksiyalari ham Gulbahor Ismoilovaga tegishli.
8 aprel kuni Yevropa Ittifoqi kengashi Alisher Usmonovning yana bir singlisi Saodat Narziyevaga sanksiya qo‘lladi. Korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikni o‘rganish markazi Narzeva Shveysariya banklaridagi umumiy qiymati 2 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 27 dan ortiq bank hisob raqamlarining benefisiari ekanligini yozgan.
Alisher Usmonov Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan prezident Putinga yaqin bo‘lgan, deb hisoblangan boshqa rossiyalik oligarxlar qatori Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgandi.
Sanksiyalar doirasida milliarderga Yevropa Ittifoqiga kirish taqiqlangan, uning aktivlari muzlatilgan. Mart oyi boshida Fransiya hukumati Alisher Usmonovga aloqador ikkita vertolyotni qo‘lga oldi. Shuningdek, Germaniya hukumati Gamburgdagi kemasozlik zavodida Alisher Usmonovning 600 million dollarlik “Dilbar” yaxtasini to‘sib qo‘ygani ma’lum qilingan. Italiya nashrlari Usmonovning Sardiniyadagi villasi muhrlangani haqida xabar berdi.