Bugun 23 noyabr, 2026 yil, dushanba

КИР

Alamzada qiz: “Men din kishilarini yomon ko‘raman!”

A A A
Alamzada qiz: “Men din kishilarini yomon ko‘raman!”

Ishxonamga bir qiz kirib keldi. Bir qarashda kiyinishi meni uncha ajablantirmadi. Lekin uning ko‘zida odamning rahmini keltiradigan mahzunlik va hayronlikka guvoh bo‘ldim. Mendan yaxshilik umidida o‘z dardu hasratini to‘kib soldi.

Uni uzoq tingladim va Fransiyada ta’lim olgan arab qizi ekanini, Islomdan biror narsa bilmasligini tushundim. Unga haqiqatlarni tushuntirish asnosida shubhalariga raddiya bera va savollariga javob qila boshladim. Uning ongiga quyilgan missioner va mustashriqlarning yolg‘onlarini yo‘qqa chiqara oldim. Bu bilan maqsadimga erishayozdim.

Suhbat asnosida, g‘arbning hozirgi sivilizasiyasi ayollarni och va shahvatli ko‘zlarni aldaydigan laqqa go‘sht o‘laroq tavsiflashini va u oila muhitidagi iffat, chiroy va sakinatni bilmasligini ham qistirib o‘tdim.

Talaba qiz ketishga izn so‘radi va men ruxsat berdim.

Qizdan so‘ng taqvodorlik belgilari namoyon bir yosh yigit huzurimga kirdi va shiddat bilan: "Bu iflos bu yerga nima maqsadda kelibdi?" dedi. Men: "Tabib sog‘lomlardan oldin xastalarni qabul qiladi. Uning ishi shu", dedim.

"Tabiiy, unga hijob o‘rashni nasihat qilgandirsiz?" dedi.

"Ish siz o‘ylagandan kattaroq, o‘g‘lim. Oldin juda muhim muqaddimalar lozim. Unda Allohga va oxirat kuniga iymon, Kitob va Sunnatda vahiy nozil etgan ishlarga, hamda ibodat va axloq sohasidagi Islomning asosiy ruknlariga itoat kerak", dedim.

U: "Bularning barchasi hijobni man etolmaydi", deya so‘zimni bo‘ldi.

Men sokinlik bilan dedim: "Uning rohiba kiyimida, lekin qalbi yagona Allohdan xoli va hayoti ruku’ va sajdani bilmagan holda kelishi meni sevintirmaydi".

U yana bir bor so‘zimni bo‘lmoqchi bo‘ldi. Shunda unga qat’iyat bilan dedim: "Men sizlar qilayotgandek Islomning etagidan tortmayman! Oldin uning asosini mustahkamlab, keyin binosini quraman. O‘zim iroda qilganimni hikmat bilan yetkazaman".

U qiz ikki xaftadan keyin oldingidan ko‘ra yaxshiroq kiyimda keldi. Boshini yengil ro‘mol bilan yopib olibdi. Savollarini berdi va men ham javob bera boshladim. So‘ng: "Nega yaqinrog‘ingizdagi masjidga bormaysiz?" dedim. Lekin savolimdan pushaymon bo‘ldim. Chunki masjidlar ayollarga man etilgani yodimga tushib qoldi.

Lekin qiz birdaniga: "Men din kishilarini yomon ko‘raman. Ularni eshitishni xohlamayman", deb qoldi.

– Nima uchun?

– Ularning qalbi qattiq, diydasi qotgan. Bizni nazarga ilmay, bepisand muomala qilishadi, – dedi.

Shu payt Hamza roziyallohu anhuning jigarlarini chaynab, Islomni qattiq haqorat qilgan Abu Sufyonning xotini Hind negadir xayolimdan o‘tdi. U Rasulullohni tanimasdi. Vaqtiki, u zotni tanib, yaqindan bilib iymon keltirgandan keyin bu so‘zlarni aytgandi: "Yo Rasululloh, Allohga qasamki, tahqirlash uchun oldin yer yuzida sizning chodir ahlingizdan ko‘ra ma’qul chodir ahli yo‘q edi. Endi bugun izzat-ikrom qilish uchun menga sizning chodir ahlingizdan ko‘ra mahbubroq chodir ahli yo‘qdir".

Qarang, Rasuli akram qalblaridan otilib chiqqan mehr qalblarni bir holdan ikkinchi holga o‘zgartirdi.

Dinga chaqiruvchilar o‘z payg‘ambaridan qachon uzoqlashtirish o‘rniga yaqinlashtirishni, nafratlantirish o‘rniga sevintirishni o‘rganisharkin?

Shayx Muhammad G‘azzoliy, "Achchiq haqiqat" kitobidan.

Mubashshir Ahmad tarjimasi.

Manba: azon.uz

Kiritildi: 08:01 05.06.2018. O'qildi: 3421 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik