Bugun 18 iyul, 2025 yil, juma

КИР

“AJRIM UCHUN ARIZA QAYSI SUDGA TOPSHIRILADI?”

A A A
“AJRIM UCHUN ARIZA QAYSI SUDGA TOPSHIRILADI?”

— Kelinim Toshkent shahrida “propiska”da turadi, o‘g‘lim Asaka tumanida. O‘g‘lim Asaka tumanidagi sudga davlat bojini to‘lab ariza bersa, Toshkentga topshirish kerakligini aytib, rad javobini berishibdi. Ajrim uchun ariza qaysi sudga topshiriladi?

Maxfuza Xoshimova, Marxamat tumani

Murojaatga Fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumanlararo sudi raisi G‘ayrat ERGASHEVdan javob oldik:
— Fuqarolik prosessual kodeksining 33-moddasiga ko‘ra, arizalar javobgar doimiy yashab turgan yoki doimiy mashg‘ul bo‘lgan joydagi sudga beriladi.

Ushbu Kodeksning 34-moddasiga ko‘ra, yashash joyi noma’lum bo‘lgan javobgarga nisbatan da’volar uning mol-mulki turgan joydagi yoki uning ma’lum bo‘lgan so‘nggi yashagan joyidagi sudga taqdim etilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasida yashash joyiga ega bo‘lmagan javobgarga nisbatan da’volar O‘zbekiston Respublikasida uning mol-mulki turgan joydagi yoki ma’lum bo‘lgan so‘nggi yashash joyidagi sudga taqdim etilishi mumkin.

Agar da’vogarning voyaga yetmagan bolalari borligi, shuningdek nogironligi yoki og‘ir kasalligi tufayli u javobgar yashab turgan joyidagi fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman (shahar) sudiga borishga qiynalsa, nikohni bekor qilish to‘g‘risidagi da’volar da’vogarning yashaydigan joyidagi sudga taqdim etilishi mumkin.

Bedarak yo‘qolgan deb yoxud ruhiy holati buzilganligi sababli muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslar, shuningdek uch yildan kam bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar bilan nikohni bekor qilish to‘g‘risidagi da’volar da’vogarning xohishiga ko‘ra o‘z yashash joyidagi sudda ko‘rilishi mumkin.

Yuqorida qayd qilingan modda talablaridan kelib chiqqan holda, o‘g‘lingiz keliningizning doimiy yashab turgan yoki doimiy mashg‘ul bo‘lgan joydagi fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman (shahar) sudiga nikohni bekor qilish to‘g‘risidagi da’vo arizasi bilan murojaat qilishi lozim.

Agar o‘g‘lingiz nogironligi yoki og‘ir kasalligi tufayli javobgar, ya’ni keliningiz yashab turgan joyidagi fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman (shahar) sudiga borishga qiynalsa, nikohni bekor qilish to‘g‘risida o‘zining nogironligi va og‘ir kasalligi tufayli keliningizni yashab turgan joyiga bora olmasligini tasdiqlovchi dalillarni da’vo arizasiga ilova qilgan holda o‘zining yashaydigan joyidagi sudga taqdim etishi mumkin.

Kiritildi: 15:01 25.10.2021. O'qildi: 4026 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!