Bugun 20 may, 2024 yil, dushanba

КИР

Ajabo! Zerikish foydali ekan?!

Ajabo! Zerikish foydali ekan?!

Zamonaviy odamlar zerikmaslik uchun har doim vaqtini chog‘ o‘tkazishga intiladi, zerikish salbiy hissiyot sifatida tasavvur qilinadi. Ammo tadqiqotlar zerikish zararli emas, balki foydali ekanligini isbotlashdi.

Ko‘pgina mashhur kompaniyalar xodimlari zerikmasligi va vaqtichog‘lik qilishi uchun ofisda sharoit yaratishga harakat qilishadi. Boshqaruv nuqtai nazaridan, bu odamlarning hordiq chiqarishi, kayfiyati ko‘tarilishi va ishga ulkan ishtiyoq bilan qaytishiga yordam berishi lozim. Tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, ikki ish oralig‘ida  dam olish va vaqtichog‘lik qilish stressga chidamlilikni, tashabbuskorlikni va ijodkorlikni oshiradi. Ammo bunday yondashuvning teskari tomoni ham bor: ba’zilar o‘yinlardan keyin ish jarayoniga qaytishga, diqqatini jamlash va ish yuzasidan muloqotga kirishishga qiynaladi.

Ko‘pchilik zerikishni salbiy hissiyot deb o‘ylaydi. Uni qayg‘u, holsizlik, motivatsiya mavjud bo‘lmagan jarayon deb bilishadi. Olimlar ushbu hisni o‘rganishga ko‘p ham e’tibor bermaydilar, ammo ba’zilari zerikish mavzusini obdon o‘rganishga uringan.

“Hayotingda nimadir uzoq vaqt davomida mavjud bo‘lsa, uni payqamay qo‘yasan”, – deydi Kanadadagi York universiteti tadqiqotchisi Jon Istvud. U birinchilardan bo‘lib, shu mavzuga doir izlanishlar olib bordi va qiziqarli xulosalarga keldi.

Olimning ta’kidlashicha, ikki xil odamlar zerikishga moyil bo‘larkan. Birinchisi – impulsiv, yangi hissiyotlarga va “manzara”ni o‘zgartirishga o‘ch odamlar. Bunday odamlarga oddiy hayot tarzi mos kelmaydi, zerikishga moyil ikkinchi tipdagi odamlar esa deyarli hamma narsadan qo‘rqadigan kishilardir. Ular uchun dunyo xavfga to‘la, iloji boricha komfort zonasini tark etmaydi. Natijada bunday odamlar qiziqarli takliflar, uchrashuv va sayohatlarni inkor qiladi, yangi loyihaga qo‘l urish va hayotini rang-barang qilishga unamaydi. Hamma narsaning oldindan ma’lumligi va bir xil hayot tarzi ularni zerikish va apatiyaga olib keladi.

Avstraliya milliy universiteti tadqiqotchilari zerikishning insondagi ijodiy faollikka ta’sirini o‘rganish uchun tadqiqot o‘tkazdi. Unda 100 kishi ishtirok etdi va ular ikki guruhga bo‘lindi.

Birinchi guruh yarim soat davomida ikki xil loviyani rangiga qarab ajratish topshirig‘ini oldi va buni bir qo‘l bilan bajarishi kerak bo‘ldi. Ikkinchi guruh ijodiy vazifa oldi – berilgan mavzuda loviya va yelimdan foydalanib vatmanda applikatsiya tayyorlashi kerak edi. Keyin esa ikkala guruh ishtirokchilaridan birvarakayiga ijodiy g‘oyalar olindi, mustaqil ekspertlar har birining fikrini baholadi.

Tadqiqotchilar shunday fikrga kelishdi: zerikish ishtirokchilarning samaradorligini oshirgan. Birinchi guruh ikkichi guruhga nisbatan ko‘proq original g‘oyalar aytgan.

Odam zerikish oqibatida zararli odatlarni orttirib olishi mumkin: azart o‘yinlarga sho‘ng‘ishi, chekish yoki alkogol iste’mol qilishni boshlashining ehtimoli yuqori. Biroq bu hisni to‘g‘ri ishlata olsangiz, ko‘proq samaradorlik va ijodkorlikka ega bo‘lasiz.

O‘z hayot tarzingizni inobatga olib, zerikish uchun ham vaqt toping!

 

 

Kiritildi: 19:03 15.11.2019. O'qildi: 3688 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!