BMTning Afg‘onistondagi yordam missiyasi (UNAMA) iyun oyida mamlakatda kamida 137 kishi qamchilanganini ma’lum qildi. Bu haqda Khamaa Press xabar berdi.
Qamchilanganlar orasida 25 nafar ayol va 112 nafar erkak bor. Jazoni “Tolibon”ning Fazilatlarni targ‘ib qilish va illatlarning oldini olish vazirligi qoshidagi axloq polisiyasi ijro etgan.
UNAMA Afg‘onistonda erkak va ayollarga nisbatan jami 389 ta qoidabuzarlik va 65 ta shafqatsiz muomalaga yo‘l qo‘yilganini aniqladi. Axloq polisiyasi fuqarolarni asosan hijob o‘ramaslik, g‘arbona soch turmagi, soqolni qisqartirish va musiqa eshitish kabi “qoidabuzarliklar” uchun hibsga olgan yoki ularga nisbatan nohaq muomalada bo‘lgan.
Mazkur hisobot Afg‘onistondagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan xavotir kuchayib borayotgan bir paytda e’lon qilindi. UNAMA mamlakatda jismoniy jazolar qo‘llanayotgani, o‘zboshimchalik bilan hibsga olishlar amalga oshirilayotgani, ayollar huquqlari va so‘z erkinligi cheklanayotganini hujjatlashtirib kelmoqda.
Missiya 1 apreldan 30 iyungacha Afg‘oniston bo‘ylab 399 nafar tinch aholi halok bo‘lgani yoki yaralanganini ma’lum qildi. Mamlakat bo‘ylab qurolli to‘qnashuvlar kamayganiga qaramay, xavfsizlik va inson huquqlari muammolari davom etib kelmoqda.