1986 yildan beri Ugandani boshqarib kelayotgan 81 yoshli Yoveri Museveni yu 15 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan saylovlarda yettinchi muddatga qayta saylandi. Bu haqda saylov komissiyasi e’lon qilgan dastlabki natijalarga tayanib, xabar berdi nashr.
Uganda saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Museveni 76,25 foiz ovoz to‘plagan. Uning asosiy raqibi, muxolifat yetakchisi Bobi Vayn 19,85 foiz ovoz olgan. Vayn o‘z tarafdorlarini norozilik namoyishlariga chiqishga chaqirgan, biroq hozircha ommaviy chiqishlar kuzatilmayapti.
"Muxolifat natijalarni tan olmay, ovozlarni soxtalashtirish holatlari bo‘lganini da’vo qilmoqda. Saylov arafasida mamlakatda internet aloqasi to‘liq uzib qo‘yilgan. Bu holat 2021 yilgi saylovlar ssenariysini takrorladi, o‘shanda ham internet o‘chirilgan. Rasmiy natijalarga ko‘ra, o‘sha paytda Museveni 59 foiz, Vayn esa qariyb 35 foiz ovoz olgandi", deya yozmoqda BBC.
Saylovlar arafasida BMTning Inson huquqlari bo‘yicha boshqarmasi Ugandada ovoz berish “keng ko‘lamli repressiyalar va qo‘rqitishlar” sharoitida o‘tayotganini ma’lum qilgan. Saylovoldi kampaniyasi davrida xavfsizlik kuchlari Vaynning mitinglarida bir necha bor o‘q uzgan va uning yuzlab tarafdorlarini hibsga olgan.
Yoveri Museveni 1986 yilda harbiy to‘ntarish natijasida Ugandada hokimiyat tepasiga kelgan. Davlat targ‘iboti uni “ozod qiluvchi va barqarorlik kafolati” sifatida tasvirlaydi, tanqidchilar esa uni shaxsga sig‘inish muhitini yaratishda, muxolifatni qo‘rqitishda va hokimiyatni o‘g‘li – Qurolli kuchlar qo‘mondoni Muxuzi Kainerugabega topshirishga hozirlanishda ayblaydi.