Jizzax viloyatida 2018 yilning birinchi yarmida 4 ming nikoh rasmiylashtirilgan. Bu shuncha to‘y-tantana, shodlik, shuncha oilada baxtiyorlik, degani.
Albatta, har kimni to‘yga yetkazsin. Lekin inson hayotida to‘y bir marta bo‘ladi. Atoqli shoirimiz G‘afur G‘ulom yozganidek, "To‘y hayotda uchraguvchi tansiq tantana”.
Aslida to‘y qilib, yangi oila barpo etish oson emas. Ammo yaxshilik yo‘lida orzu-havas bilan qilingan tashvishning og‘irligi unchalik sezilmaydi. Biroq ana shu ezgu orzuning ro‘yobga chiqmay, barbod bo‘lishi qator-qator muammolarni keltirib chiqaradi.
Joriy yil yanvar-avgust oylarida viloyatda 600 ta ajrim qayd etilgani kishini tashvishga soladi, mulohazaga chorlaydi. Chunki bu shuncha oilaning barbod bo‘lgani bilan bog‘liq ko‘plab muammolar yuzaga kelishi, demak. Tashvishlanarlisi, ajralishganlarning asosiy qismi yosh oilalardir.
Prezidentimizning joriy yil 2 fevraldagi “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida fuqarolik ajrimlarini rasmiylashtirish jarayoni takomillashtirilishidan ko‘zlangan maqsad ham oilalarni mustahkamlashga qaratilgan. Farmonda FHDYo organlarining nikoh munosabati masalalarini rasmiylashtirish bilan bog‘liq asosiy faoliyat yo‘nalishi bo‘yicha tuman, shahar xotin-qizlar qo‘mitalari va “Oila” ilmiy-amaliy markazi hududiy bo‘limlari bilan muvofiqlashtirilishi ajrimga ariza bergan oilalarni chuqur o‘rganish imkoniyatini yaratdi.
Endi fuqarolik ishlari bo‘yicha sud ham, FHDYo bo‘limi ham ajralish uchun ariza bergan oilalar murojaatini o‘rganish uchun hududiy xotin-qizlar qo‘mitasiga jo‘natadi.
– Hozir aynan shu tartibda ishlayapmiz, – deydi viloyat hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Nazira Muxtorova. – Ajralish uchun ariza beruvchilarning murojaati ular istiqomat qiladigan mahalla yarashtiruv komissiyasi tomonidan o‘rganilib, muhokama qilinadi va arizachilarga yarashish uchun olti oygacha muddat beriladi. Yarashtirish muddati uzaytirilgani yoshlar shoshma-shosharlik bilan qarorga kelishining oldini oladi.
Shu asosda ish olib borilishi natijasida joriy yilning o‘tgan 8 oyida ajralish yoqasiga kelib qolgan 199 oiladan 129 tasi yarashtirildi. Bu ajrashib ketgan oilalar soniga nisbatan u qadar muvaffaqiyatli natija emas. Ammo ajralib ketishdan saqlab qolingan oilalardagi bolalar taqdiri hisobga olinsa, bitta oila buzilishining oldi olinishi ham jamiyat uchun katta foyda.
Erishilgan natijalar har bir ajralish haqidagi ariza sabablarini chuqur o‘rganish oilani saqlab qolishda muhim ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatdi. Shuning uchun ilgari ajrim haqidagi ariza faqat tomonlar ishtirokidagi sud muhokamasida o‘rganilgan bo‘lsa, endilikda ularning yashash joyidagi mahalla yarashtiruv komissiyasi tomonidan o‘rganilayotgani masalaga yondashuvni o‘zgartirdi. Bundan tashqari, er-xotin boshqa-boshqa hududlarda yashasa, masalani o‘rganishga har birining yashash joyidagi yarashtiruv komissiyasi jalb etilmoqda.
Ana shu komissiyalar xulosasi xotin-qizlar qo‘mitasi qoshida “Oila” ilmiy-amaliy markazi mutaxassislari, tajribali psixolog, huquqshunosdan iborat ishchi guruh tomonidan o‘rganib chiqilib, sudga xulosa berilayapti.
– Bu jarayonda mahalla yarashtiruv komissiyasining nechog‘li malakali ishlashi o‘ta muhim ahamiyatga ega, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi raisi Abdumajid Sattorov. – Shu maqsadda mahallalardagi yarashtiruv komissiyalari tarkibi qayta ko‘rib chiqilib, tajribali jamoatchi faollar jalb etildi. Xalqimizning o‘ziga xos yashash tarzi va an’analaridan kelib chiqib, oilani mustahkamlashda mahallaga tayanish yaxshi samara beradi, albatta.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi majlisining 2018 yil 16 iyuldagi yig‘ilishi bayoni asosida avgust oyida “Biz oilaviy ajrimlarga qarshimiz” mavzusida oilaviy munosabatlarni mustahkamlash oyligi o‘tkazilgani bu yo‘nalishdagi muhim tadbirlardan biri bo‘ldi. Oylik davomida “Oila” ilmiy-amaliy markazi viloyat ichki ishlar boshqarmasi bilan hamkorlikda hududlar kesimida notinch, ajrim yoqasidagi va muammoli oilalar ro‘yxatini shakllantirdi. Oilalardagi muhitni sog‘lomlashtirish maqsadida mutaxassislar, faollar va oila markazi xodimlaridan iborat ishchi guruhlar tuzildi.
Ishchi guruhlar a’zolari er-xotin, qaynona-kelin, qaynota-kuyov va oilaning boshqa a’zolari o‘rtasida yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha har bir taraf bilan yakka tartibda suhbat o‘tkazib, muammoning tub mohiyatini aniqlamoqda. Hozirga qadar bu toifadagi jami 80 dan ziyod kishi bilan shunday suhbat o‘tkazildi. O‘rganish natijasi bo‘yicha tegishli davlat va jamoat idoralari bilan hamkorlikda oiladagi muhitni sog‘lomlashtirish, oilada voyaga yetayotgan farzandlarga ijtimoiy ko‘maklashish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Oylik davomida “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi, Musulmonlar idorasi viloyat vakilligi, madaniyat, xalq ta’limi, sog‘liqni saqlash boshqarmalari bilan hamkorlikda barcha hududlarda xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha seminarlar o‘tkazildi.
Xalqimiz oilani bejiz Vatanga qiyoslamaydi. Har bir oilani Vatan ichidagi Vatan, deb biladi. Darhaqiqat, har biri o‘z quvonchi, o‘z tashvishi bilan Vatan ichra Vatandir.
Davlatimiz tomonidan oilalar, ayniqsa, yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlashga doimiy g‘amxo‘rlik ko‘rsatilayotgani, ularga imtiyozlar belgilangani yosh oilalarning oyoqqa turib olishida madad bo‘layotir. Bu ma’lum muddatga belgilangan vazifa emas, balki ezgu maqsad yo‘lidagi keng ko‘lamli dasturdir. Uni amalga oshirish ham biror tashkilot, biror amaldorning faoliyati bilan chegaralanmaydi. Vatan ichra Vatan bo‘lgan oilaviy muammolar ko‘pchilikning sa’y-harakati bilan yechiladi.
Manba: uza.uz