44 nafar O‘zbekiston fuqarosi AQShdan qaytarildi.
21 yanvar kuni AQSh hududida noqonuniy bo‘lib turgan shaxslarni deportasiya qilish maqsadida ushbu davlatning vakolatli idoralari tomonidan yana bir charter reysi amalga oshirildi.
Ushbu reysda 44 nafar O‘zbekiston fuqarolari Vatanga qaytarildi.
Charter reysi AQShning tegishli hukumat idoralari bilan hamkorlikda tashkillashtirilgan bo‘lib, uning amalga oshirilishi orqali O‘zbekiston fuqarolarining yurtimizga xavfsiz va o‘z vaqtida qaytarilishi ta’minlandi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi hamkorlikning yana bir muhim namunasidir. Yurtimiz fuqarolarining o‘zga davlatlarda xavfsizligini ta’minlash, ularning qonuniy huquqlarini himoya qilish va ularni Vataniga qaytarish borasidagi hamkorlik davom etmoqda, deyiladi TIV xabarida.